Davlatimiz rahbari Samarqanddagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan Oʻzbekistonning turizm salohiyati koʻrgazmasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, shu kunlarda Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda. Bu mamlakatimizdagi ochiqlik va erkinlik, ulkan sayyohlik salohiyatining eʼtirofi, deyish mumkin.
Ushbu omillarga tayanib, yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Salkam yuzta mamlakat fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz kirishi mumkin. Yana 55 ta davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgan.
Turizm infratuzilmasi ham rivojlantirilib, mehmonxonalar, sayohat joylari va yoʻnalishlari koʻpayib bormoqda. Joriy yilning oʻzida 15 mingta yangi mehmon oʻrni tashkil etilib, ularning soni qariyb 140 mingtaga yetdi. 540 ta dam olish maskani barpo etilib, 70 ta turizm marshruti ochildi. 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohada hali imkoniyatlar koʻpligini, Butunjahon turizm tashkilotining yigʻilishi ularni koʻrsatish uchun qulay fursat ekanini taʼkidlagan edi. Katta maydon ana shu maqsad yoʻlida yaratildi.
Unda mamlakatimiz 14 hududining turizm va investitsiyaviy salohiyati namoyish etilgan. Zomin, Chorvoq, Chimyon kabi xushtabiat goʻshalarning turistik-rekreatsion imkoniyatlari, turizm qishloqlarining manzaralari, eko va ekstremal sayohat manzillari haqida maʼlumotlar jamlangan.
Turizm qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari”, “Oʻzbekiston aeroportlari” va “Oʻzbekistan vertolyotlari” kabi stendlar tashkil qilingan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining turizm salohiyati, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi startap loyihalar ham taqdim qilingan.
Umuman, koʻrgazmada jami 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar investorlarga taqdim etiladi.
Davlatimiz rahbari Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan birga ekspozitsiyalarni koʻzdan kechirdi. Hududlardagi diqqatga sazovor manzillar atrofida turizm maskanlari barpo etib, qulayliklarni kengaytirish, investorlar bilan aniq loyihalarni shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.