Prezident Shavkat Mirziyoyev Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining Xorazm filialini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
15 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga barpo etilgan ushbu markaz yiliga 4 ming 500 nafar yoshni axborot texnologiyalari yoʻnalishida oʻqitish va IT xizmatlar koʻrsatish quvvatiga ega. Bu yoshlarning zamonaviy mutaxassisliklarni egallab, oʻz yoʻlini topishida muhim omil boʻlmoqda. Xususan, ushbu majmuada ham 250 nafar yigit-qiz ish bilan taʼminlangan.
Prezidentimizga IT-parkda amalga oshirilayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.
Bu yerda oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etish hamda IT xizmatlarini eksport qilish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Maqsadlar ham shunga yarasha, joriy yilda eksport hajmini 3 million dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shu yerning oʻzida IT-park rezidentlari, axborot texnologiyalariga sohasida faoliyat olib borayotgan yoshlar bilan muloqot boʻldi. Ular oʻzlarining faoliyatlari haqida soʻzlab berishdi.
Davlatimiz rahbari yoshlarning fikrlarini eshitib, takliflarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.