Prezident: Xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib oʻtmoqdamiz

0
56
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan koʻplab vatandoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. 30 avgust kuni Koʻksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilganlarni avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ularga oʻzining yuksak ehtiromini bildirdi.

– Bunday tarixiy damlarda har bir xalq oʻz istiqlolini sarhisob qiladi. Oʻtgan 30 yilda mustaqil davlatimiz qurildi, rivojlandi, jahon hamjamiyatida oʻzimizning oʻrnimizni, yoʻlimizni topdik. Bugungi kunda hamma soha va tarmoqlardagi intilishlarimiz, har bir mahallaga, qishloqqa, oilaga kirib borishimiz oʻz natijasini berayapti, odamlar rozi boʻlayapti, – dedi davlatimiz rahbari.  

Haqiqatan, har bir jabhada oʻzgarishlar  yuz bermoqda. “Yangi Oʻzbekiston” degan tushuncha real voqelikka aylanmoqda. Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan pandemiya sharoitida iqtisodiy oʻsishga erishgan sanoqli davlatlar qatorida eʼtirof etilmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” singari yirik dasturlar jamiyatimizda ijtimoiy muhitni tubdan oʻzgartirmoqda.

Prezident istiqlol yillarida mustaqil fikrli, zamonaviy dunyoqarashli yangi avlod voyaga yetganini, ular davlatimizning tayanchi va kelajagi ekanini taʼkidladi.   

– Mustaqilligimizning birinchi yilida tugʻilgan yoshlar 30 yoshga kirdi, balogʻatga yetdi. Biz birinchi kundan yoshlar masalasini eng katta vazifa qilib olganmiz. Agar bugungi shiddatli dunyoda yoshlarimiz tarbiyasiga katta eʼtibor qaratib, ularga bilim, koʻmak berib, hozirgi zamonga munosib qilib, yoʻlini topib bermasak, koʻp narsadan orqada qolib ketamiz. Bugun joylarda ishlayotgan, oʻqiyotgan, zamonaviy mutaxassis boʻlib yetishayotgan ana shunday joʻshqin yoshlarimiz davlatimizga juda katta kuch-qudrat, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, keyingi ikki yil insoniyat tarixida kutilmagan ogʻir davr boʻldi. Xalqimiz ham xursandchilik kunlar bilan birga, mashaqqatli sinovlarni ham boshidan kechirdi. Koronavirus ofati butun dunyoni tashvishga solib, jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Dunyo bozorlarida shafqatsiz raqobat, “savdo urushlari”, bizga qoʻshni hududlarda qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar kuchayib bormoqda.

– Bugungi murakkab sharoitda xalqimiz salomatligini asrash bilan birga iqtisodiyotimizni ham rivojlantirishdek ogʻir masala kun tartibida turibdi. Shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlarini, bogʻbonu dehqonlar, fermer va tadbirkorlarimizni qoʻllab-quvvatlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun yangi-yangi yoʻllarni izlayapmiz. Mana shunday oʻta murakkab, qaltis vaziyatda biz xalqimizning mustahkam irodasi, sizlar kabi yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati bilan qiyinchiliklarni mardona yengib oʻtmoqdamiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan ilgʻor fermer, seleksioner olim Muhammad Ahmedovni, matematik olim, akademik Shavkat Ayupovni, atoqli adabiyotshunos, tarjimon va publitsist Ibrohim Gʻafurovni, xalq artisti Munojot Yoʻlchiyevani alohida tabrikladi.

Fidoyi shifokorlarimiz oʻz jonini xavf ostiga qoʻyib, xalqimiz salomatligi uchun har kuni, har daqiqada kurashmoqda. Mard va jasur harbiylarimiz tinch-osoyishtalik yoʻlida sadoqat bilan xizmat qilmoqda. Omilkor tadbirkorlar, dehqon va fermerlar, ishchi-muhandislar mamlakatimiz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshmoqda.

Ilm-fan, taʼlim-tarbiya, madaniyat, adabiyot va sanʼat, sport sohasi vakillari katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Navqiron yoshlarimiz xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch boʻlib maydonga chiqmoqda.

Prezidentimiz ularni yuksak mukofotlar bilan qutlab, ezgu tilaklarini izhor etdi.

Shu kunlarda joylarda koʻplab vatandoshlarimiz «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonini qabul qilib olmoqda. Davlatimiz rahbari ularni ham xalqimiz nomidan samimiy tabrikladi.

Shundan soʻng mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Bu yil yana bir xayrli ishga qoʻl urildi. Prezidentimiz farmoniga muvofiq, mamlakatimizda madaniyat va sanʼat, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan bir guruh marhum ijodkorlar mukofotlandi. Marosimda bu mukofotlar ularning oila aʼzolariga topshirildi.  

– Koʻksingizda yarqirab, yarashib turgan faxriy unvonlar, orden va medallar barchangizga muborak boʻlsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Men hammangizni yaxshi bilaman, sizlar bilan faxrlanaman. Qadamlarimiz barakali, natijali boʻlishi uchun hali koʻp ishlashimiz kerak. Oʻzi, inson uchun eng katta baxt – oilaviy baxt, yaqinlarimiz sogʻ-salomat, yurtimiz tinch-osoyishta boʻlishi. Ilohim, hammangizga shunday baxt nasib etsin. Har bir oilada xotirjamlik, toʻylar boʻlsin!  

Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.