Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Afgʻoniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Yaponiya hamda Fransiya Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Ahmad Holid Elmiy, Santosh Ja, Timoti Torlot, Yoshinori Fujiyama va Izabel Servoz-Galluchchidan ishonch yorliqlarini qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari elchilarni Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va masʼuliyatli vazifada muvaffaqiyatlar tiladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab qolgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida taʼkidlandi.
Besh yillik Harakatlar strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda, unga muvofiq joriy yil yurtimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qilingan.
Innovatsion texnologiyalar va yondashuvlar asosida zamonaviy sanoat korxonalari va infratuzilma yaratilmoqda, bank, moliya va soliq sohalarida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatlarni hisobga qolish tamoyillariga asoslangan faol va konstruktiv tashqi siyosatni yuritmoqda.
Natijada bugungi kunda mamlakatimizning masʼuliyatli va ishonchli xalqaro sherik sifatidagi mutlaqo yangi imiji shakllandi.
Eng avvalo yaqin qoʻshnilar bilan doʻstlik munosabatlarini, birodarlik rishtalarini, strategik sheriklikni mustahkamlash Markaziy Osiyoda prinsipial jihatdan yangi siyosiy muhit yaratishga xizmat qildi.
BMT, MDH, ShHT, IHT kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik faollashdi. Mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻlishiga qaror qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti oʻz soʻzida yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga toʻxtalib oʻtdi.
Afgʻoniston bilan doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari kengayib, mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat oʻrtasida oliy darajadagi muloqot faollashgani oʻzaro tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, energetika, transport, logistika va kommunikatsiyalar, taʼlim sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishda katta salohiyatga ega boʻlgan oʻzaro munosabatlarni izchil rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishladi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil oktyabrda Hindistonga amalga oshirilgan davlat tashrifi va joriy yil yanvar oyida “Joʻshqin Gujarat-2019” sammiti doirasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar natijasida yangi amaliy mazmun bilan boyigan Oʻzbekiston-Hindiston strategik sherikligida yuksak darajaga erishilganini yuqori baholadi.
Bugungi kunda farmatsevtika, innovatsiya va axborot texnologiyalari, tadbirkorlikni rivojlantirish sohalarida qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Joriy oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning yetakchi oliy taʼlim muassasalari – Amiti va Sharda universitetlari filiallari oʻz eshiklarini ochdi.
Prezidentimiz Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi hamkorlik turli darajalarda salmoqli faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Neft-gaz va kimyo sanoati, geologiya-qidiruv, moliya, axborot texnologiyalari va sogʻliqni saqlash sohalari boʻyicha erishilgan kelishuvlar hayotga tatbiq etilmoqda. Taʼlim sohasida, jumladan, diyorimiz poytaxti va hududlarida Kembrij universiteti ishtirokida Prezident maktablarini tashkil etish boʻyicha hamkorlik yuksak baholandi.
Oʻzbekiston Yaponiya bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirishga muhim ahamiyat qaratmoqda.
Energetika, geologiya-qidiruv, avtomobil sanoati, transport, telekommunikatsiyalar, infratuzilmani modernizatsiya qilish, fan, taʼlim, turizm va boshqa sohalarda Yaponiya kompaniya va banklari bilan kooperatsiya surʼati ortib borayotgani taʼkidlandi.
Joriy yil dekabr oyida Yaponiyada boʻlib oʻtadigan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar keng koʻlamli oʻzaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari 2018 yil oktyabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrif koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya sherikligiga sifat jihatidan yangi mazmun bagʻishlaganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Geologiya-qidiruv, quyosh energetikasi, kommunal xoʻjalik, turizm va boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boshlandi. Madaniyat va sanʼat, fan va texnika, sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Marosim soʻngida Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tayinlangan elchilar faol diplomatik saʼy-harakatlari bilan davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga munosib hissa qoʻshishlariga ishonch bildirdi.
Oʻz navbatida, diplomatik missiyalar rahbarlari Oʻzbekiston Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yoʻlida davlatlararo munosabatlarni izchil va samarali rivojlantirishga bor kuch-gʻayratini safarbar qilishini qayd etdilar.