Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 iyul kuni Sirdaryo viloyati Xovos tumaniga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu davlat rahbarining joriy yilda tumanga ikkinchi bor kelishi. 19 fevral kungi tashrifi chogʻida Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish boʻyicha koʻrsatmalar berilgan edi. Shunga muvofiq, bu yerda 30 ta besh qavatli uy qurilmoqda. Ularda ikki va uch xonali 760 ta kvartira boʻlib, shundan 600 tasi arzon uylardir.
Yangi shaharchada mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, taʼlim va madaniyat maskanlari, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari barpo etilmoqda.
Xovosliklar yaqin-yaqingacha zax yerlarda, eski uylarda yashab kelardi. Zamonaviy infratuzilmaga ega yangi turar joylar aholining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, hayot sifatini oshiradi.
Prezident qurilishda ishlatilayotgan materiallarning narxi va sifati bilan qiziqdi. Mahalliylashtirish darajasini oshirib, ularning narxini yanada tushirish choralarini koʻrish kerakligini taʼkidladi. Urbanizatsiya nuqtai nazaridan tuman kelajagini bugundan oʻylash, zarur joylarga kommunikatsiya tarmoqlari tortish, aholini ish bilan taʼminlash va boʻshagan yerlardan samarali foydalanish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Shu yerda Sirdaryo viloyatida ichimlik suvi tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Keyingi yillarda 1 ming 164 kilometr suv quvurlari, 57 ta suv tarqatish stansiyasi va boshqa inshootlar qurilgani qayd etildi. Shu va galdagi ishlar natijasida 2020 yil boshida viloyat aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanishi 88 foizdan oshadi.
Davlatimiz rahbari tuman markazidagi aholining turmush sharoitlarini koʻzdan kechirdi.