Prezident yangi aeroport qurilishini borib koʻrdi

0
159
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Qibray tumanidagi aerodromda amalga oshirilayotgan ishlarni borib koʻrdi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 iyundagi qarori asosida bu yerda 2018-2020 yillarda biznes aviatsiyasi uchun zamonaviy aeroport qurilishi belgilangan. Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish – birinchi bosqichda 4 kilometrlik uchish-qoʻnish yoʻlagi va soatiga 250 yoʻlovchini oʻtkazish imkoniyatiga ega terminal barpo etish, ikkinchi bosqichda qoʻshimcha infratuzilma obyektlari, mehmonxona majmuasi qurish rejalashtirilgan. 

Aeroportda eng katta yuk tashuvchi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bu mamlakatimiz transport va tranzit salohiyatini yanada oshirib, tashqi savdo rivojiga katta hissa qoʻshadi. 

Hozirgi kunda bu yerda loyihalashtirish va umumiy qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Eski uchish-qoʻnish yoʻlagi butunlay olib tashlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur ishlarni koʻzdan kechirdi. Aeroportda bunyod etiladigan obyektlar loyihalarini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. 

Xorijiy delegatsiyalarni kutib olish binosi milliy madaniyatimizni, bagʻrikengligimizni koʻrsatib tursin. Samolyotdan tushgan odamning kayfiyatini koʻtaradigan, mehmonlarga va ishbilarmonlarga har tomonlama maʼqul keladigan boʻlsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari qurilishda issiq ranglardan koʻproq foydalanish, aeroport hududini koʻkalamzorlashtirish, drenaj tizimini oqilona yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.