Joriy yil 1 may kuni Yangi Oʻzbekiston bogʻiga ilk koʻchatlar oʻtqazilib, koʻkalamzorlashtirish boshlangan edi. Bugungi kunda keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 2 mingdan ziyod quruvchi va ishchi, 200 dan ortiq maxsus texnika jalb qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni bu yerdagi bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi.
Bogʻ mazmuni milliy davlatchiligimiz tarixi, xalqimizning bugungi intilishlari va Uchinchi Renessans maqsadlarini oʻzida mujassam etadi. 104 gektarlik bogʻning umumiy koʻrinishi Harakatlar strategiyasi yoʻnalishlariga monand daraxtning beshta shoxi shaklida boʻladi. Bu yerda odamlar tabiat qoʻynida dam oladigan soʻlim hududlar barpo etiladi. Kashtan, eman, chinor, lola, nastarin kabi manzarali daraxtlar, butalar va gullar ekiladi.
Bogʻ hududida “Istiqlol” majmuasi qurilmoqda. U yurtimizning 3 ming yillik tarixini, ajdodlarimizning buyuk ishlarini, xalqimizning milliy oʻzligini, Oʻzbekistonning yangi qiyofasini namoyon etadi. Hozirgi kunda ushbu ulkan inshootning poydevori quyilib, temirdan asosi yasalgan.
Bir gektardan ziyod maydonda 5 ming oʻrinli ochiq amfiteatr barpo etiladi. Kelgusida bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi. Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlanadi. Ayni paytda tomoshabinlar joyi tiklanib, sahnaning temir sinchlari oʻrnatilgan.
Bogʻda, shuningdek, 6 gektarlik sunʼiy koʻl, sport maydonchalari, bolalar oʻyingohi, sokin hudud va favvoralar barpo etiladi. Bugungi kunda ular quriladigan maydonlar tayyorlanib, sugʻorish va oqova tizimlari barpo etilayotir.
Davlatimiz rahbari boqqa ekiladigan manzarali daraxt koʻchatlarini ham koʻrdi.
Qibray tumanidagi ushbu hududda Olimpiya shaharchasi, universitet, shifoxona, savdo va koʻngilochar maskanlar ham barpo etiladi. Bugungi kunda ularning qurilishi boshlab yuborilgan.