Prezident yangi shaharcha qurilishini koʻrdi

0
15
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari “Yangi Navoiy” shaharchasi qurilish maydonida boʻlib, nuroniylar va ziyolilar bilan suhbatlashdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

— Bugun bu yerga Navoiy viloyatidagi 8 ta tuman, 3 ta shaharning ertangi kuni qanday boʻladi, degan savolga javob topish uchun keldik. Aslida, bitta roʻzgʻorni tebratishning oʻzi boʻlmaydi. Xudoga shukur, aholimiz 38 millionga yaqinlashayapti. Buning uchun xalqimizga munosib mustahkam zamin yaratib borishimiz kerak. Bunday yangi shaharchalarni nima uchun qurayapmiz? Yoshlarimiz oʻsib kelayapti. Ular oʻzi tugʻilib oʻsgan joyida ishlab, yaxshi yashashi uchun hamma hududlarda sharoit yaratamiz, — dedi Prezident.

Loyiha uchun 1 ming 100 gektar yer Karmana tumanidan Navoiy shahriga oʻtkazilgan. Birinchi bosqichda 450 gektar maydonda qurilish rejalashtirilgan.

Shaharchada 7-22 qavatli uy-joylar, 4 ming 170 oʻrinli umumtaʼlim maktablari, 1 ming 620 oʻrinli bogʻchalar, poliklinika barpo etiladi. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Navoiy davlat pedagogika institutining yangi kampusi ham shu yerda boʻladi.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatida sanoat rivojlangani, lekin xizmat salohiyati toʻliq ishga solinmaganini aytdi. Shu bois shaharchada sayilgoh, koʻngilochar maskanlar, savdo doʻkonlari, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etib, xizmatlar rivojlantirilishi belgilandi.

Shaharcha qurilishi direksiya tomonidan muvofiqlashtirib boriladi. Yer maydonlari elektron auksionga qoʻyilib, gʻolib qurilish tashkilotlari bilan investitsiya shartnomasi tuziladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.