2021 yil 4 fevral kuni Oʻzbekiston Prezidentining “Toshkent shahrida “Yangihayot” industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Yangihayot tumaniga tashrifi chogʻida ushbu texnopark quriladigan maydonida boʻldi.
Bu majmua uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori boʻladi va korxonalarni oʻzlari quradi.
— Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish kerak. Shuning uchun korxonalar koʻp qavatli qilib qurilgani maʼqul, — dedi Prezident.
Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish oʻrni yaratilishi moʻljallangan. Umuman olganda, texnopark ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini ish bilan taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu yerda Yangihayot tumanidagi korxonalar mahsulotlari ham namoyish etildi.