Prezident yangi tibbiyot markazlarini borib koʻrdi

0
29
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida ikkita yirik shifo maskani – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-boʻyin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari 2020 yil noyabrda ularning qurilishini kelib koʻrgan, bu yerda qanday imkoniyatlar boʻlishi lozimligi haqida koʻrsatmalar bergan edi. Muassasalardagi bugungi zamonaviy sharoit va ish tartibi shuning amaliy ijrosi, deyish mumkin.

Shifo maskani hududi toʻrt gektardan ortiq. Jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega yettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilgʻor tajribasiga tayanilgan. Shu bois arxitekturasi mukammal. Shoshilinch yordam, reanimatsiya, infeksiyali holatlar — barchasi inobatga olingan.

Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal boʻladi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa boʻlimlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi mingtadan koʻp ilgʻor tibbiy asbob-uskunalar oʻrnatilgan.

Markaz besh yuz oʻringa moʻljallangan. Ambulator va statsionar tartibda ikki yuzdan ortiq tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va toʻqimalarni koʻchirib oʻtkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qoʻyish, davolash imkoniyati yaratilmoqda.

Muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, oʻzimizning xorijda malaka oshirgan mutaxassislarimizdan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar oʻrta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.

Bunday imkoniyatlarga ega markaz mamlakatimizda birinchisi. Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan koʻp tarmoqli klinikalar u bilan bogʻlanadi.

Prezident majmua hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-boʻyin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham boʻldi.

Bu markaz mazkur kasalliklarni davolash bilan birga mamlakatimizda otorinolaringologiya yoʻnalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu yerda “Yuqori nafas yoʻllari aʼzolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat aʼzolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi. Simulyasion amaliy laboratoriya, jarrohlik xonalari va 60 ta oʻrin-joylar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu markazlardagi qulayliklar bilan tanishdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Soha masʼullari bilan muloqotda ushbu markazlar yonida xorijiy tibbiyot instituti tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.