Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni Samarqand shahrida oʻtayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yigʻilishida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari yigʻilishning yalpi sessiyasida nutq soʻzladi.
– Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining bu yilgi yigʻilishi qadimiy va betakror Samarqandda oʻtkazilayotganini biz mamlakatimizga, islohotlarimizga yuksak ishonch va eʼtibor ifodasi sifatida qabul qilamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
YeTTBning bunday yigʻilishi mamlakatimizda 20 yil oldin boʻlib oʻtgan edi. Undan beri Oʻzbekiston ancha oʻzgargani, iqtisodiyot erkinlashtirilgani, barcha sohalarda keng koʻlamli yangilanishlar boshlandi va izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar dasturini amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistonning strategik hamkorlaridan biri. Uning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshgan. Shundan 3,3 milliard yevrolik loyihalar soʻnggi toʻrt yilda boshlangan.
Oʻtgan yil yakuni bilan Oʻzbekiston bankning beshta eng asosiy hamkorlari qatoriga kirgan. Yillik investitsiya hajmi boʻyicha esa uning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigidir.
Davlatimiz rahbari xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.
Xususiylashtirish va xususiy sektor uchun keng sharoitlar yaratish, infratuzilma, tibbiyot, taʼlim, transport, ekologiya kabi davlat ixtiyoridagi sohalarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini kengaytirish, “yashil iqtisodiyot”, ayniqsa, “yashil energiya” sohalarini jadal rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, yangi agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari bank bilan hamkorlikda bu sohalarda yangi loyiha va dasturlar amalga oshirilishini maʼlum qildi. Shuningdek, bankni qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikdagi mintaqaviy loyihalarda ishtirok etishga taklif etdi.
– Bugungi xalqaro anjuman Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakatimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yangi pogʻonaga olib chiqish uchun tarixiy imkoniyat yaratmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilish doirasida Oʻzbekiston investitsiya taqdimoti ham oʻtkazilib, biznes sohasida qanday katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib berildi. Bundan tashqari, anjuman sessiyalarida sogʻliqni saqlash, taʼlim, infratuzilma, transport, energetika sohalarida 40 dan ortiq yirik xususiy sheriklik loyihalari taqdimot qilinadi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Samarqand sammiti 18 may kuni yakunlanadi.