Prezident yirik savdo markazini borib koʻrdi

0
67
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Tashkent City Mall savdo-koʻngilochar markazini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Majmua koʻp funksiyali boʻlib, zamonaviy tijorat va xizmat turlarini qamrab olgan. 5 qavatda savdo doʻkonlari, restoran va kafelar, koʻngilochar oʻyinlar va sport maydonlari joylashgan. Yer ostida 2 qavatli avtoturargoh bor.

Markazda dunyoning eng oldi brendlari shoxobchalarini ochgan. Ular orasida birinchi marta Oʻzbekiston bozoriga kirib kelayotganlari ham talaygina.

Ulkan maydonda bolalar va kattalar uchun yopiq oʻyingohlar mavjud. Shuningdek, 14 ta kinoteatr tashkil etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda odamlar xarid qilishi, dam olishi, sport bilan shugʻullanib, vaqtini chogʻ oʻtkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Majmua bir kunda 60 ming kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Unda 3 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.

Prezident bu yerga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari mazkur majmuaning bir qismi boʻlgan besh yulduzli mehmonxonada yaratilayotgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

31 qavatli bu mehmonxona bir vaqtning oʻzida 500 kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Unda yuqori martabali mehmonlar uchun sharoitlar, 273 ta standart xona tashkil etiladi.

Shuningdek, katta va kichik konferensiya zallari, ochiq va yopiq suzish havzalari, restoran va kafeteriya xizmat koʻrsatadi. Binoda zamon talabiga mos “Aqlli uy” tizimi hamda tezyurar liftlar oʻrnatilgan.

Mehmonxona may oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda yana 500 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Xalqimizga zamonaviy xizmatlar taqdim etadigan bunday markazlarni mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham barpo etish muhimligi aytildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.