Prezident yoshlar bayramiga tashrif buyurdi

0
167
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻtayotgan bayramga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Bu yerda Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi nomidagi pavilonlar tashkil etilgan. Ularda yoshlarning ilm-fan, ijod, sport va sanʼat sohalarida erishgan yutuqlari ifodalangan.

Davlatimiz rahbari ushbu koʻrgazmalar boʻylab yurib, ularni koʻzdan kechirdi. Yoshlar bilan suhbatlashdi.

– Bugungi yoshlarimizning bilimi, harakatlari meni cheksiz quvontiradi. Aslida shunday boʻlishi ham kerak. Chunki  tanangizda buyuk bobolarning qoni oqyapti. Tariximiz oʻttiz bir yillik emas, uch ming yillik. Ajdodlarimiz ikkita renessansga asos solgan. Endi biz Uchinchi renessans poydevorini qurmoqchimiz. Kimga ishonib? Sizlarga ishonib. Eng katta zaminimiz taʼlim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bogʻda “Besh tashabbus olimpiadasi” natijalari ham namoyish etildi. Maʼlumki, ushbu musobaqalar Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 11 apreldagi qaroriga muvofiq yoʻlga qoʻyildi. Uning mahalla, sektor, tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlarida 6 milliondan ziyod oʻgʻil-qizlar qatnashdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻzatov tumanida boʻlib oʻtgan «Yoshlar ovozi» tanlovi sanʼat yoʻnalishlaridagi isteʼdodlarni kashf etdi. Prezidentimiz ushbu tanlov gʻoliblari bilan suhbatlashib, ularga muvaffaqiyat tiladi.

Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada alohida davlat tashkiloti – Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgan. Joriy yildan, mahallalarda 9 ming 500 nafar yoshlar yetakchisi faoliyat boshladi.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Soʻnggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard soʻm imtiyozli kreditlar berildi. 560 ming nafariga dehqonchilik uchun yer maydoni ajratilib, bandligi taʼminlandi. 

Taʼlim sifatini oshirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Ixtisoslashgan maktablar koʻlami kengayib, oʻquvchilarga chuqur bilim berilmoqda. Birgina Prezident maktablarini bitirgan yoshlarning 102 nafari xorijdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida oʻqimoqda.

Soʻnggi ikki yilda 400 nafar yoshlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali chet elga oʻqishga yuborildi. Soʻnggi bir yilda xalqaro fan olimpiadalarida 255 ta medal qoʻlga kiritildi. Joriy yilda 382 nafar yosh sportchimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda 419 ta sovrinli oʻrinlarni egalladi.

Bularning barchasi bayram maydonchalarida namoyon boʻldi. Shundan soʻng, Prezident amfiteatr maydoniga kelib, mamlakatimiz yoshlarini bayram bilan tabrikladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.