Prezident yoshlar bilan muloqot qildi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyun kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar sarhisobi, yangi vazifa va takliflar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yigʻilish avvalida ishlar samaradorligi koʻrib chiqildi. Oxirgi yetti yilda yoshlarga oid 100 dan ziyod qonun va qarorlar qabul qilinib, 200 dan ortiq imtiyozlar berilgani qayd etildi.

Birgina taʼlim kreditidan 151 ming yoshlar foydalangan. Ehtiyojmand oiladan boʻlgan yana 110 ming talabaning shartnoma toʻlovi toʻlab berilgan.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali AQSH va Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlarini 50 nafar yigit-qiz bitirdi. Bugungi kunda ularda oʻqiyotgan vatandoshlarimiz 200 dan oshdi. Umuman, 110 ming yoshlarimiz xorijda tahsil olayapti.

Prezident maktabining baholash tizimi 500 ta maktabda joriy qilinishi natijasida bir yilning oʻzida bilimlarni oʻzlashtirish 53 foizdan 60 foizga oshdi. Bu tizim yangi oʻquv yilidan yana mingta maktabda joriy qilinadi.

Bu yil maktablarni 14 mingdan ziyod oʻquvchi oltin va kumush medallar bilan bitirdi. “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan medallar oxirgi toʻrt yilda 2 karra koʻpaydi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida berilgan kredit evaziga 1 million yosh band boʻldi. 205 ta “Yoshlar sanoat zonasi”da 1 ming 200 ta loyiha ishga tushirildi. Hozirda biznesdagi aylanma mablagʻini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yosh tadbirkor bor.

Davlatimiz rahbari yoshlarda bilim va yangi gʻoyalar koʻpligi, ularga sharoitlar yanada kengaytirilishini taʼkidladi. Jumladan, ular quyidagilar:

Mamlakatimiz jadal rivojlanishi uchun “toʻrtinchi sanoat” kasblari juda muhim. Shu maqsadda yoshlarning fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika bilan bogʻliq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim boʻladi. Oliy oʻquv yurtlari qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-Level” dasturi joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan oʻquvchilar oʻsha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

“SAT” testida 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar mamlakatimiz universitetlariga ham grantga qabul qilinadi.

Nogironligi boʻlgan yoshlarga chet tili boʻyicha milliy sertifikat olishda kompyuterda imtihon topshirish sharoiti yaratiladi.

Yoshlarimiz xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida har doim yuqori natijalarga erishsa-da, laboratoriya mashqlarini bajarishda pastroq ball olayapti. Shu bois endi Prezident maktablari agentligi qoshida Olimpiadalarga tayyorlash markazi ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi. Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik koʻradi. Buning uchun har bir fan boʻyicha malakali olim va xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Oliy taʼlimning birinchi va ikkinchi kurslaridagi fanlar texnikumlar bilan uygʻunlashadi. Texnikumda yaxshi oʻqigan yoshlarga xalqaro klassifikatorning tegishli darajasiga mos keluvchi diplom beriladi. Ularga oliygohni ikkinchi yoki uchinchi kursdan oʻqishni kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi. Kasbi boʻyicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan kontrakt asosida oliy taʼlimga qabul qilinadi.

Endi oliy oʻquv yurti, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Bunday ilmiy markazlar Toshkent texnika, Samarqand va Urganch davlat universitetlarida ham tashkil qilinadi. Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak boʻlgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar 50 mingdan oshdi. Qoʻshilgan qiymat yaratib, xizmatlarni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun katta imkoniyatlar ochib beriladi.

Xususan, 1 avgustdan boshlab, bu sohada oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga IT-park rezidenti maqomi beriladi. Ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi. IT-park tomonidan ularga tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun “ijtimoiy karta” beriladi.

Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi Yoshlar agentligi tizimiga oʻtkaziladi. Loyihaning tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonda koʻmaklashiladi. 14 ta tuman tanlab olinib, “toʻrtinchi sanoat” kasblariga oʻqitish markazi ochiladi.

Jamgʻarma tomonidan hududlardagi Yoshlar sanoat zonalarida binolar qurilib, “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Bunda birinchi yili toʻlov undirilmaydi.

Har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinib, ularga IT-park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi. Bu joylar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes oʻrtasida muloqot maydonchasi boʻladi. Jamgʻarma bu yerdagi yoshlarning “startaplari”ga uch yilga 100 million soʻmgacha ssuda beradi.

Magistral yoʻllar boʻyida 50 mingta koʻchma savdo nuqtalari tashkil qilinib, yoshlarga ijaraga beriladi. Bunda dastlabki 6 oyda yoshlar ijara haqi va soliq toʻlamaydi.

Maʼlumki, yil boshida hokimlar, vazirlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga sharoiti ogʻir 4 million oʻgʻil-qiz biriktirilgan edi. Manzilli ishlash natijasida, hayotda qiyinchilikka duch kelgan 420 ming yoshlar muammosi hal etildi, 65 mingining bandligi taʼminlandi. Alohida eʼtiborga muhtoj 1 million yoshlar sport bilan shugʻullanishni boshladi.

Shu tarzda, tarbiyasi ogʻir, oilaviy ajrim yoqasidagi va jinoyatga moyilligi bor yoshlarni toʻgʻri yoʻlga boshlash zarurligi taʼkidlandi.

Maktab, kollej, oliy oʻquv yurtlarining stadionlari, sport zali, basseyn va kutubxonalari mahalla yoshlari uchun doim ochiq boʻlishi belgilandi. Shuningdek, yoz mavsumida sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar va kino kunlari oʻtkazilishi aytildi.

Mehnat yarmarkalari tashkil qilinib, 350 ming yoshlarni ishga joylashtirish choralari koʻriladi. Shuningdek, 100 ming kishini qurilish ishlariga jalb qilish mumkin.

Qizlarga koʻmaklashish, sharoitlarini yaxshilashga eʼtibor davom ettiriladi. Ogʻir sharoitga tushib qolgan xotin-qizlar uchun barcha hududlarda 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, “oyoqqa turib olgunga qadar”, ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin boʻladi.

Sogʻligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlar xonadonida kasanachilik yoki masofaviy ish bilan taʼminlanadi. Bundan tashqari, uch yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.

Yigʻilish ochiq muloqot shaklida boʻldi. Yurtimizning turli hududlaridan qatnashgan hamda chet ellarda oʻqiyotgan yoshlar oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Mutasaddilarga ularni umumlashtirib, farmon loyihasiga kiritish topshirildi.

– Yoshlarimiz hayotda munosib oʻrnini topishi uchun bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni toʻliq ishga solamiz. Sizlar mamlakatimizning ishonchi va tayanchi, kelajagimiz bunyodkorlarisiz, – dedi Prezident.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.