Prezident yoshlar bilan samimiy muloqot qildi

0
46
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni yoshlar bilan muloqot qildi. Videoselektor shaklida oʻtgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari soʻzining boshida bu uchrashuvdan mamnun ekanini taʼkidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atadi.

Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib, bu koʻrsatkich 1 million nafarga yetadi.

Yoshlarning bandligini taʼminlash, intilishlariga sharoit yaratish davlatimizning ustuvor siyosatiga aylangan. Oʻtgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra koʻpayib, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etmoqda.

Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi. “Yoshlar daftari” orqali oʻtgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi.

Ilgari oliy taʼlimda bitta oʻrin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida endi 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Xotin-qizlarga shartnoma toʻlovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra koʻpaydi.

Oʻz sohalarida muvaffaqiyatga erishayotgan oʻgʻil-qizlar safi tobora kengaymoqda. Birgina misol – hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda.

Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.

Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra koʻpayib, 4 ming nafardan oshdi. Mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. Anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga yetdi.

Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni oʻrganishga qiziqish keskin kuchaydi. Soʻnggi 3 yilda til oʻrganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetgan boʻlsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar 5 karra kupaygan.

Yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoridan joy oldi.

Uchrashuvda Prezident yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta muhim hujjat imzolaganini maʼlum qildi.

Birinchi hujjatga koʻra, Yoshlar agentligi huzurida jamgʻarma tuzilib, unga 100 million dollar mablagʻ ajratildi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi, startap loyihalariga 2 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.

Ikkinchi qaror bilan, oliy oʻquv yurti bitiruvchilarining bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yoʻnaltirilib, ularning tashabbus va gʻoyalarini loyihaga aylantirish boʻyicha bank xizmatlari joriy etiladi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.

Uchinchi hujjatga koʻra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, unga 200 million dollar beriladi. Aloqabank oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million soʻmgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi. Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yoʻnaltiriladi.

Maʼlumki, bu yil salkam 5 million 200 ming aholini band qilish moʻljallangan. Bunda yoshlarning katta oʻrni bor.

Masalan, tomorqa va dalasidan samarali foydalanib, kamida 100 million soʻm daromad olgan yoshlarga soddalashtirilgan tartibda yer ajratiladi. Sanoat ipotekasi orqali tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi. Xizmat koʻrsatish sohasida yoshlarni ishga olib, kamida 3 million soʻm oylik toʻlagan korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz boʻladi.

Kreativ iqtisodiyot sohalarida faoliyat koʻrsatayotganlarning 98 foizi yoshlar. Oʻtgan yili bu boʻyicha qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.

Endi hududlarda ham kreativ industriya parklari barpo etiladi. Ularning rezidentlariga 2030 yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi qoʻllanadi. Bu borada biznes maktablari tashkil qilinib, biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat koʻrsatishning innovatsion usullari oʻrgatiladi.

Ish topishda xorijiy tillarni bilish juda muhim. Shu bois chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan oʻquv markazlari ochgan malakali yoshlarlarga 120 million soʻmgacha foizsiz ssuda beriladi. Shuningdek, xususiy oʻquv markazlarida xorijiy tillarni oʻrganadigan yoshlarga toʻlovlari “2+6” oy shaklida qoplab beriladi.

IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qoʻshimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Raqamli ijtimoiy ekotizim”ni joriy etish boʻyicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqiladi.

Kambagʻallikdan chiqishning eng samarali yechimi ham – bu taʼlim. Shu bois bunday oilalar farzandi foizsiz taʼlim krediti, qoʻshimcha grant, shartnoma toʻloviga yordam orqali oʻqishga ragʻbatlantiriladi. Bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgan yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim – “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etiladi.

Yoshlar agentligi xorijda oʻqiyotgan har bir talabaga bosh-qosh boʻladi. Bilimli yigit-qizlar dunyoning “Top-100” oliygohlariga yuborilib, oʻqish va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Chet elda oʻqib kelganlar milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.

Bundan tashqari, reytingi yuqori xalqaro universitetlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha boʻlgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.

Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yoʻnalishlarida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kvotalari koʻpaytiriladi. Harbiy bilim yurtlarining namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qoʻmondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Kelgusi oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Gʻolib boʻlgan bitiruvchi yoshlar texnika oliygohlariga grant asosida oʻqishga kiradi.

Yigʻilishda yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, gʻoyaviy xurujlar va zararli axborotlardan asrash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Tarbiyasi ogʻir bolalarga alohida mehr-eʼtibor koʻrsatish, hayotda oʻrnini topishiga koʻmaklashish zarurligi aytildi.

Vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Vatan tayanchi” harakati boshlandi. Unga 300 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.

Endi bu harakat kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy taʼlim tashkilotlarida ham yoʻlga qoʻyilib, 1 million oʻquvchi qamrab olinadi. Ular oʻrtasida turli tanlov va musobaqalar tashkil etiladi. Shuningdek, mahallalarda “Shijoat va gʻayrat” sport oʻyinlari oʻtkaziladi. Gʻolib mahallalarga sport inshooti qurilib, anjomlar bilan taʼminlanadi. “Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va gʻayrat” musobaqalari gʻoliblariga harbiy bilim yurtlariga kirish uchun tavsiya beriladi.

Muloqotda soʻzga chiqqanlar mazkur reja va tashabbuslar yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi, ularning orzu-intilishlariga ragʻbatlantiruvchi kuch boʻlishini taʼkidlashdi.

Davlatimiz rahbari yoshlarning takliflarini maʼqullab, ularni har doim qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.