Davlatimiz rahbari navoiylik yoshlar bilan muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
— Men qayerga bormayin, koʻproq yoshlar bilan uchrashishga harakat qilaman. Taraqqiyot strategiyamizda, hududiy dasturlarda katta maqsadlar qoʻyganmiz. Agar davlat tashkilotlari, barcha darajadagi rahbarlar yoshlar masalalari bilan mukammal shugʻullanmas ekan, bu marralarga erishib boʻlmaydi, — dedi Prezident.
Navoiylik yoshlar iqtidorli, hamma sohalarda faol. Bu yil oliy oʻquv yurtlariga kirish boʻyicha respublikada birinchi oʻrinni egallashdi. Xalqaro fan olimpiadalari, nufuzli musobaqalar gʻoliblarining ham koʻpchiligi Navoiydan.
Joriy yilda uyushmagan yoshlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 50 milliard soʻm mablagʻ berilib, 13 ming 700 nafar yigit-qiz oʻz yoʻlini topgan. 1 ming 600 gektar ekin maydoni ajratilib, 6 mingdan ziyod yoshlar bandligi taʼminlangan. Sharoiti ogʻir talabalarga 6,5 milliard soʻm kontrakt pullari toʻlab berilgan.
— Farzandlarimizning yutuqlari, albatta, hammamizni gʻururlantiradi. Lekin bu bilan cheklanib qolish kerak emas. Yoshlarimizning istagini, ehtiyojini, ertangi kunini taʼminlash uchun yana nimalar qilsak boʻladi? Bilim va kasblarni egallashi, salohiyatini yuzaga chiqarish uchun qanday yordam berish kerak? Ana shu savollar meni qiynaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, Prezident yoshlarning fikrlari, takliflarini eshitdi. Yoshlarning mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblarni oʻrganishi va ish topishiga yordam beruvchi yangi platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Sanoat zonalariga yoshlarni jalb etish, yaylovlarga suv chiqarib, chorvachilik tashabbuslarini Tadbirkorlik jamgʻarmasi orqali qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Navoiy shahrida ixtisoslashgan sport maktabi va mahallalarda sport toʻgaraklari tashkil etib, yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish muhimligi qayd etildi. Yoshlar jamgʻarmasidan viloyatdagi 325 ta maktabni kitob va musiqa asboblari bilan taʼminlash, madaniy tadbirlarni koʻpaytirish masalalariga ham ahamiyat qaratildi.
Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha Navoiy viloyati tajribasi yaratilishi belgilandi. Bu tizimning asosiy maqsadi yoshlarni maʼnaviy-maʼrifiy rivojlantirish, bandligini taʼminlash hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻladi.