Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida oʻtayotgan Yoshlar festivaliga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
— Hozirgina Boʻzatov tumanidan qaytishda yoshlar festivali oʻtkazilayotganidan xabar topib, sizlar bilan uchrashishga qaror qildim. Chunki men qayerga borsam, albatta yoshlar bilan muloqot qilishga harakat qilaman. Sizlarning koʻzingizda, bilimingizda, ergangi kunga ishonchingizda Yangi Oʻzbekistonni, Yangi Qoraqalpogʻistonni koʻrib, oʻzim uchun katta kuch-quvvat olaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida Qoraqalpogʻistonda ham koʻplab ishlar amalga oshirildi. Shahar va tumanlarda 14 ta yangi maktab qurildi, 4 ta yangi oliygoh tashkil etildi.
— Men har doim yoshlar, taʼlim, bilim-bilim deb taʼkidlayman. Bilim «oʻtda yonmaydi, suvda choʻkmaydi». Qancha koʻp bilim egalasak, kelajak bizniki. Uchinchi Renessans poydevorini yaratamiz deb oʻzimizga gʻoya olganmiz. Bu poydevorni kim yaratadi? Faqat bilimli yoshlar, — dedi Prezident.
Yoshlarga keng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi taʼkidlandi. Jumladan, 55 ta yangi maktab, 187 ta maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari qurilib, 135 ta maktab kapital taʼmirlanishi aytildi.
Prezidentimiz kelgusi besh yilda oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 50 foizga yetkazilishi, buning uchun Qoraqalpogʻistonda mamlakatimiz va xorijiy universitetlarning 6 ta nufuzli oliy oʻquv yurtlari filiallari tashkil etilishini taʼkidladi.
Shuningdek, kelgusi besh yilda har bir shahar va tumandagi Yoshlar markazlari va umumtaʼlim maktablarida 100 mingdan ziyod yoshlar chet tillari va Ay-Ti texnologiyalariga oʻqitiladi. Qoʻshimcha 6 ming oʻrinli yangi yotoqxonalar qurib bitkaziladi.
Yoshlar Prezident tashrifini olqishlar bilan qoʻllab-quvvatladi.