Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumiga tashrif buyurdi.
Forum oʻtayotgan Botanika bogʻi bayramona bezatilgan. Yoshlarning ilm-fan, texnologiyalar, adabiyot, sanʼat kabi sohalarda erishayotgan natijalarini aks ettiruvchi koʻrgazma va namoyishlar tashkil qilingan.
Davlatimiz rahbari ushbu koʻrgazmalar boʻylab yurib, yoshlarning ixtirolari, mahorati, badiiy chiqishlarini koʻzdan kechirdi. Ular bilan suhbatlashib, oʻqish va izlanishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Prezident bayram tadbiri maydoniga kelib, barcha yigit-qizlarni 30 iyun – Yoshlar kuni bilan tabrikladi.
Mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada alohida davlat tashkiloti – Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgan. Bundan tashqari, Yoshlar ittifoqi, uning huzurida oʻttizdan ortiq nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Barcha shahar va tumanlarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi, turli sohalarni qamrab olgan “Besh tashabbus” amalga oshirilmoqda.
Joriy yil mamlakatimizda Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb eʼlon qilingani ham yoshlarga eʼtiborning yorqin ifodasi.
Prezidentimizning yoshlarga oid siyosatida ikkita eng muhim yoʻnalish bor: birinchisi – ularga zamonaviy bilim berish, ikkinchisi – yoshlar bandligini taʼminlash. Keyingi yillardagi islohotlar, tashabbus va yangi tizimlar zamirida ana shu maqsad mujassam.
Xususan, yoshlarning bilim va iqtidorini rivojlantirish maqsadida yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Umuman, barcha maktablarga eʼtibor, oʻqituvchilarga ragʻbat va hurmat oshdi. Yosh avlodda bilimga intilish kuchaydi.
Oʻtgan bir yilda bilimli va zukko yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorijiy oliygohlarga grant asosida oʻqishga kirdi.
Oʻsib kelayotgan bilimga chanqoq yoshlarning talabiga mos ravishda oliy taʼlim muassasalari soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorijiy universitetlarning filiallari ochildi. Oxirgi 5 yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 mingtaga yetkazildi. Bu – umumiy qamrov 28 foiz boʻladi, deganidir. 4 yil ilgari bu koʻrsatkich atigi 9 foiz edi.
Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani minglab oilalarga quvonch olib kirdi.
Bu yil yana bir oliy taʼlim maskani – “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etildi. Yangi oʻquv yilida unga 300 nafar yoshlar qabul qilinadi.
Bandlik masalasini olsak ham, yoshlarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik asosiy oʻringa koʻtarilganini koʻrish mumkin. Soʻnggi 4 yilda 30 yoshgacha boʻlgan tadbirkorlar soni 5 barobar koʻpayib, ular 500 mingdan oshgani buning yaqqol dalilidir.
Amaliy ishlar natijasida oʻtgan 8 oy mobaynida “yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, “temir daftar”dagi oilalar farzandlari boʻlgan 2 mingdan ziyod talabalarning kontrakt puli toʻlab berildi.
Bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Shuningdek, kasb-hunar maktabi va texnikumlar oʻquvchilariga korxonalarda amaliyot oʻtagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming soʻmdan subsidiya berish joriy etilgani yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta ragʻbat boʻldi.
Bu yil 92 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2 trillion 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Hududlarda tashkil etilgan 186 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridagi 3 mingta loyiha doirasida 50 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.