Davlatimiz rahbarining yoshlar forumidagi ishtiroki, soʻzlari va tashabbuslari navqiron avlodga katta motivatsiya bagʻishlamoqda.
– Buyuk ajdodimiz Muhammad Xorazmiyning bir hikmati bor: “Soʻz – gul, ish – meva”. Oʻylaymanki, bugun belgilab oladigan rejalaringiz qanchalik pishiq-puxta boʻlsa, ishingiz ham shunchalik yaxshi samara beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Sizlar koʻp kitob oʻqigan, bilimli avlod sifatida yurtimiz oʻtmishda jahon sivizilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlganini yaxshi bilasiz. Siz Xorazmiylar, Fargʻoniylar, Beruniy va Ibn Sino, Ulugʻbek, Navoiy va Boburlar, Buxoriylar, Termiziylar avlodisiz. Ana shunday buyuk vatandoshlarimiz yaratgan bebaho bilim va kashfiyotlar bugun ham butun insoniyatga xizmat qilmoqda.
Prezidentimiz oʻz soʻzida davom etar ekan, bu oʻrinda qomusiy olim Muhammad Xorazmiy asos solgan ilm – “algoritm”ni eslashning oʻzi kifoyaligini taʼkidladi. Ushbu ulugʻ zotning beqiyos xizmatlarini insoniyat hamon minnatdorlik bilan eslamoqda. Uning olamshumul kashfiyotlari bugungi axborot texnologiyalarini yaratishda ham asos boʻlgan.
Kuni kecha olis Ispaniyaning Madrid shahridagi Komplutense universitetida alloma bobomizning haykali oʻrnatilgani ham bu xalqaro eʼtirofning yaqqol isbotidir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Mashhur ajdodimiz xotirasiga koʻrsatilgan bunday ulkan ehtiromni, biz ayni vaqtda xalqimizga, uning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga koʻrsatilgan yuksak hurmat ramzi sifatida qabul qilishimiz qayd etildi.
– Ulugʻ allomalarimiz, oʻzlarining olamshumul kashfiyot va ixtirolarini sizning yoshingizda – ayni kuchga toʻlgan navqiron chogʻlarida amalga oshirganlar. Siz ham, buyuk ajdodlardan ibrat olib, hayotda moʻjizalar yaratishga astoydil intilishingiz kerak, – deya taʼkidladi Prezident.
– Oʻz tajribamdan kelib chiqib, sizlarga aytadigan maslahatim shu: ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor oʻtmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm oʻtda yonmaydigan, suvda choʻkmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang! Sizlar mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz koʻrgan toʻsiq va qiyinchiliklarni koʻrmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yoʻlida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch boʻlishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan masʼuliyatni, tom maʼnodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qatʼiy ishonaman.
Davlatimiz rahbari yoshlar zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi zarurligi, buning uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinishini aytib oʻtdi.
– Shu maqsadda taʼlim tizimida tub islohotlarni amalga oshiryapmiz. Sohada mutlaqo yangi tizim – Prezident va ijod maktablari, matematika, ximiya, biologiya fanlari boʻyicha maxsus maktablarni tashkil etyapmiz. Yoshlarimizga IT texnologiyalarni chuqur oʻrgatadigan taʼlim maskanlarining soni tobora koʻpayib bormoqda.
Bu ishlarimizning ilk mevalarini koʻra boshladik. Soʻnggi uch yilda mamlakatimiz yoshlari nufuzli xalqaro tanlov va musobaqalarda besh yarim mingtaga yaqin sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Firdavs Abduqayumov IELTS dasturi boʻyicha yuqori ball toʻplab, AQSHning Jon Karroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylandi. Firdavs oʻgʻlimni, uning ota-onasi va oʻqituvchilarini chin dildan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, yangi yutuqlar tilayman.
Firdavsning izdoshlari sifatida Toshkent shahridagi Prezident maktabidan Temur Sulaymonov, Namangandagi maktabdan Mironshox Inomjonov va Azimjon Alijonov hamda boshqa koʻplab oʻquvchilar nufuzli xorijiy ilm dargohlariga qabul qilindilar va ularning soni kun sayin ortib bormoqda.
Biz bunday iqtidorli yoshlarga oʻz vaqtida har tomonlama eʼtibor qaratib, qoʻllab-quvvatlasak, oʻylaymanki, ular katta-katta zafarlarni qoʻlga kiritadilar.
Shu sababli yoshlarimizning nufuzli xorijiy oliy oʻquv yurtlarida tahsil olishi uchun koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratamiz. Jumladan, xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha eng yuqori ballarni toʻplagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Shavkat Mirziyoyev umumxalq harakatiga aylangan besh muhim tashabbusni amalga oshirish uchun sharoitlarni yaxshilash masalasiga toʻxtalib oʻtdi. Shu maqsadda joylardagi 459 ta madaniyat markazini taʼmirlash va jihozlashga doir alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
– Bu muammoni albatta hal qilamiz, – dedi Prezident. – Lekin meni masalaning boshqa jihati koʻproq oʻylantiradi. Madaniyat va sanʼat yoʻnalishida oʻqishni tamomlagan yoshlarimizning koʻpchiligi poytaxtda qolishni afzal koʻryapti. Bu ahvolda, katta xarajatlar evaziga joylarda barpo etilayotgan madaniyat va maʼrifat markazlarida ertaga kim ishlaydi? Qishloqlardagi yosh iqtidor egalarini kim izlab topadi, ularni kim tarbiyalaydi? Shu munosabat bilan, viloyat hokimlari har qaysi tuman va shahardan 5 nafargacha yoshlarni madaniyat va sanʼat oliygohlarida mahalliy byudjet hisobidan oʻqitadi. Kelgusida ularni oʻz hududida uy-joy va mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlash choralarini koʻradi.
Isteʼdodli bolalar uchun imkoniyat yaratish, koʻrik-tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini doimiy qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
– Agar masalaga chuqurroq qaraydigan boʻlsak, ertaga mana shunday yoshlar, tuman yoki shaharning “oltin fondi”ga aylanadi va shu hududning obroʻsini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday isteʼdodli yoshni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish vazifasi topshiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Izlanuvchan yigit-qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida joriy yilda yoshlar oʻrtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati 30 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan “Yosh olimlar” innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi.
2021 yildan boshlab maktab oʻquvchilari va oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻrtasida “Boʻlajak olim” tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
– Bu ishlarimizni davom ettirgan holda, kelgusi yilda 100 dan ziyod shahar va tumanlarimizda axborot texnologiyalarini chuqur oʻrgatadigan zamonaviy oʻquv markazlarini tashkil qilamiz. Yoshlarga xalqaro IT sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi qoplab beriladi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul oʻqitiladi.
Oʻrni kelganda, sizlarga yana bir muhim yangilikni aytib oʻtmoqchiman. Keyingi yildan oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Agar mavjud Prezident stipendiyasi faqat bir oʻquv yili uchun moʻljallangan boʻlsa, ushbu grant mablagʻlari toʻrt yil davomida toʻlab boriladi.
Shuningdek, kelgusi oʻquv yilidan boshlab respublikamizdagi xorijiy oliy oʻquv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.
Chunki bunday taʼlim maskanlarida oʻqiyotgan yoshlar ham oʻzimizning farzandlarimiz. Ular ertaga yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, ularga gʻamxoʻrlik qilib, isteʼdodini ragʻbatlantirsak, oʻylaymanki, adolatdan boʻladi.
Ilm yoʻlini tanlagan iqtidorli yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida keyingi yildan boshlab magistratura va doktorantura bosqichlari uchun Prezident stipendiyasi kvotasini ikki barobarga oshiramiz. Ishonchim komilki, bunday imkoniyat va imtiyozlarga avvalo yangi Renessans poydevorining bunyodkorlari sazovor boʻladi, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Ikki va undan ortiq farzandi oliy oʻquv yurtida shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berish yoʻlga qoʻyilishi aytildi.