Prezident zamonaviy energiya tejamkor uylar qurilishi bilan tanishdi

0
320
marta koʻrilgan.

Loyihalar, tashabbuslar izchil amalga oshmoqda. Kechagi rejalar bugun haqiqat, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 29 iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida «Olmazor business city» ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishgan edi. Buning uchun Kichik halqa yoʻli va Yangi Olmazor koʻchasi oʻrtasida qariyb 24 gektar yer ajratilib, joriy yil fevralda qurilish ishlari boshlandi.

Maydon 6 ta lotga boʻlingan boʻlib, birinchi va ikkinchi lotlarda savdo markazi, ofislar va koʻngilochar maskanlar bunyod etilmoqda. Uch, toʻrt va beshinchi lotlarda 2 ming 100 xonadonga moʻljallangan 28 ta koʻp qavatli uy, oltinchi lotda 300 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi hamda 500 oʻrinli maktab qurilmoqda. Uylarning birinchi qavatidan savdo doʻkonlari oʻrin oladi. Xonadonlarda alohida isitish tizimi oʻrnatiladi. Devorlar yetti qatlamdan iboratligi, jumladan bazalt tolasi bilan qoplangani qishda issiq, yozda salqin haroratni yaxshi saqlaydi.

Davlatimiz rahbari 9 oktyabr kuni ushbu majmuaga tashrif buyurib, bunyodkorlik ishlarini koʻzdan kechirdi. Qurilishda qoʻllanilayotgan innovatsion, energiya tejamkor texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratdi.

— Uylar sonini koʻpaytirish, energiyani tejash orqali turar joylar narxini arzonlashtirish kerak. Buning uchun qurilish materiallari, bazalt tolasi ishlab chiqarish korxonalarini koʻpaytirib, har bir hududga yetkazib berish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Binokorlik ishlarining borishi, oʻziga xos jihatlari haqida maʼlumot berildi. Qurilishda mahalliy materiallardan foydalanilayotgani, uylar ham toʻliq yurtimizda ishlab chiqarilgan maishiy texnika va mebellar bilan jihozlanishi taʼkidlandi. 

— Qurish bu birinchi qadam. Asosiysi — malakali ekspluatatsiya. Uylarga, odamlarga sifatli xizmat koʻrsatish, muhandislik uskunalaridan samarali foydalanish zarur, — dedi davlatimiz rahbari quruvchi va mutasaddilar bilan suhbatda.

Shu yerda Olmazor tumani faollari bilan ham muloqot boʻldi.

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.