Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni Termiz shahridagi «ZIF Textile» masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu zamonaviy korxonani barpo etish uchun qurilishi tugallanmagan bino 16 milliard soʻm investitsiya kiritish sharti bilan «nol» qiymatda berilgan edi. Zarur qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy sexlar, omborxona va maʼmuriy xonalar bunyod etildi. Germaniya, Italiya, Turkiyadan tikuvchilik dastgohlari keltirib oʻrnatildi. Mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.
Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishdi, bu yerda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi, mutaxassis va tikuvchilar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz bu kabi zamonaviy korxonalarni koʻpaytirish, mahsulotni eksport qilish zarurligini qayd etdi.
Korxona joriy yilda 29 million dollardan ziyod qiymatdagi bolalar va kattalar kiyimlari, jinsi shim ishlab chiqarib, 8,8 million dollarlik mahsulotlarni eksport qilishni rejalashtirgan. 2021 yilda korxonaning yillik quvvati qariyb 50 million dollarga yetkazilib, 34,7 million dollarlik eksport moʻljallanmoqda.
Shu yerda «Janub textile» MCHJning ip-kalavadan tayyor mahsulot ishlab chiqarish klasteri hamda Oʻzbekiston-Hindiston qoʻshma korxonasini tashkil etish, Termiz tumanidagi Sulton Saodat ziyoratgohini taʼmirlash va obodonlashtirish, mamlakatimizning Avstriya, Tojikiston va Afgʻonistondagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga oid taqdimotlar oʻtkazildi.
Shu yerda «Kinomobil» – Oʻzbekistondagi birinchi innovatsion kinoteatr loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Uning tashabbuskori “Cinema Servis» MCHJ boʻlib, loyiha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Koʻchma kinoteatr MAN avtomobili negizida ishlab chiqilgan, isitish va ventilyasiya tizimi bilan jihozlangan. Tomoshabinlar filmlarni Dolby 5+1 tovush tizimi bilan 2D va 3D formatlarida tomosha qilishi mumkin. Mobil kinoteatr 30 daqiqa ichida ishga tushadi hamda 80 kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Beshta tashabbusga hamohang ushbu innovatsion loyiha yurtimizning olis va chekka hududlari aholisi, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizga respublikamiz hududlarida zamonaviy kinoteatrlar tarmogʻini barpo etish loyihasi toʻgʻrisida ham maʼlumot berildi. Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga qurilish ishlarini oʻz vaqtida va sifatli yakunlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.