Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga keldi. Tashrifdan asosiy maqsad — islohotlarning mahallabay tizimda yoʻlga qoʻyilganini va uning odamlar hayotidagi ifodasini koʻrish hamda navbatdagi rejalarni belgilash edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari dastlab Xonqa tumanidagi innovatsion issiqxonani borib koʻrdi. «Red Star Oxus» masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga tashkil etilgan mazkur inshoot shu yil fevral oyida ishga tushirilgan edi. Bu mazkur loyihaning birinchi bosqichi boʻlib, 7 gektar maydonda gidroponika usulida pomidor, bodring, baqlajon, bulgʻor qalampiri, koʻkatlar yetishtirilmoqda.
Issiqxonada Niderlandiyaning «Kubo» kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Ultra clima» nou-xau texnologiyasi keltirib oʻrnatilgan. Buning afzalligi shundaki, harorat butun issiqxonaga emas, balki yetishtirilayotgan sabzavotning ildiziga yoʻnaltiriladi. Bu esa katta miqdorda energiyani tejashga yordam beradi.
Bunday “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxonalar dunyoda 200 gektar atrofida. Shundan 7 gektari Oʻzbekistonda.
Shuningdek, issiqxona tepasiga quyosh nuriga oʻxshash xususiyatga ega maxsus chiroqlar oʻrnatilgan. Bu fotosintez jarayoniga sezilarli taʼsir koʻrsatib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi va yil mobaynida mahsulot olish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari aynan shu masalaga alohida ahamiyat qaratdi:
— Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi dolzarb masala boʻlib boryapti. Tashqi bozor qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini mavsumiy emas, yil davomida yetkazib berishni talab qiladi. Shuni taklif qila olgan korxona bozorda oʻrin egallaydi. Bu ish oʻrni va eksportni taʼminlash uchun katta manba, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Issiqxonada birinchi bosqichda 75 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan. Loyihaning ikkinchi bosqichida 8 gektar maydonda yana bitta issiqxona quriladi. Uni kelasi yil dekabrda foydalanishga topshirish va yana 150 ta ish oʻrni yaratish moʻljallangan.
— Bu korxona — drayver. Bunday issiqxonalar koʻpayishi uchun boshqa tadbirkorlarni ham oʻrgatib, har tomonlama yordam berish kerak. Xorazm qishloq xoʻjaligining kelajagi shu, — dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari yana Yangiariq tumanidagi “Yantex Invest” masʼuliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu korxona boʻsh yotgan binolardan samarali foydalanish, ularni xususiylashtirib, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning yaqqol timsoli boʻlib, Asakabank tomonidan 16 million dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilib, bino zamonaviy qilib tiklandi, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiyadan uskunalar keltirib oʻrnatildi.
Bugun bu yerda gazlama mato va choyshab ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. 200 dan ortiq ish oʻrni ochilgan.
Korxona yiliga 12 million pogono metr gazlama mato va 600 ming komplekt choyshab ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega.
Endi ip-gazlama toʻqish hajmini oshirish hamda Urganch shahrida matoga rang beruvchi korxona ochish boʻyicha ish olib borilmoqda. Shu tariqa, ikkinchi bosqichda matoni boʻyash, uni qadoqlash, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishga erishiladi.
Shu yerda mahallabay ishlash boʻyicha yangi tizimni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Unga koʻra, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, oʻz sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.
— Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan koʻp narsani talab qilamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yoʻq. Endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz. Soliq, moliya, bandlik, investitsiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga masʼul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari oʻz hududidagi muammolar boʻyicha ularga talab qoʻyadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu. Buni odamlar his qilishi kerak.
Mutasaddilarga ushbu tizimni hayotga tatbiq etish, Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu boʻyicha oʻqitish yuzasidan topshiriqlar berildi.