Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga eʼtibor qaratdi

0
152
marta koʻrilgan.

Buxoro tumanida viloyatda amalga oshiriladigan iqtisodiy loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Chorvachilik, parrandachilik, ipakchilik, echkichilik, asalchilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, paxta maydonlarini qisqartirish va meva-sabzavot yetishtirishni koʻpaytirish hisobiga eksport salohiyatini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan rejalar haqida maʼlumot berildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.

Shavkat Mirziyoyev qorakoʻlchilikni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Buxoro qorakoʻlchilikning asl vatani ekani, mahalliy aholi ilgaridan bunday mahsulotlarni butun dunyoga sotib, katta daromad topganini qayd etdi. Bu sohada yoʻqolib borayotgan naslchilik va tajribani qayta tiklash, choʻpon va tikuvchi hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi. Qorakoʻlchilik boʻyicha institut va jamgʻarma, Buxoroda zavod tashkil etish yuzasidani topshiriqlar berdi.

Yana bir diqqatga sazovor loyiha – tut bargidan foydali choy ishlab chiqarishga doir. Mutaxassislarning fikricha, tut bargida kofein va tanin moddasi odatdagi choydan 200 barobar kam. Vitamin va minerallar esa, aksincha, koʻproq. 

Prezidentimiz bu loyihani maʼqullab, bunday choy aholi salomatligi uchun foydaliligi, import oʻrnini bosishi bilan alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. 

Buxoroda oʻrmon xoʻjaligi yoʻnalishida ham katta imkoniyatlar mavjud. Yurtimizda oʻsadigan shifobaxsh neʼmatlar koʻplab sohalarda keng qoʻllaniladi. Xususan, sistanxe va isiriq oʻsimligiga xorijiy farmatsevtika korxonalarida talab yuqori. Birgina sistanxening dorivor xususiyati jenshen oʻsimligiga qaraganda besh barobar yuqoriligiga eʼtibor qaratildi. 

Shavkat Mirziyoyev bunday tabiiy imkoniyatlarni toʻla ishga solish orqali yangi ish oʻrinlari yaratish, eksportni koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.