Prezidentimiz Oʻzbekiston bilan Fransiya ishbilarmonlari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi

0
23
marta koʻrilgan.

Parij shahriga tashrif davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari 2018 va 2022 yillarda ushbu mamlakatga rasmiy tashriflari hamda 2023 yilgi Samarqand sammitida ham Fransiya tadbirkorlari bilan uchrashgan edi.

Bugungi forum ana shu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi boʻldi. Bu galgi uchrashuv unda Oʻzbekistonning xususiy kompaniyalari rahbarlari va vakillari ham ishtirok etgani bilan ajralib turadi.

Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari boʻyicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, «MEDEF International» rahbari — «Orano Mining» kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Fransiya biznesi tomonidan SUEZ, Veolia, Total, EDF, Voltalia, Orano, Meridiam, Saint-Gobain, Imerys, Natixis, Societe Generale, BPI France, Airbus, MND, Eiffage, Schneider Electric, Total Energies, Alstom, Technip Energies, Egis, ADP Group, Ellipse Projects, Assystem, ATR va boshqa kompaniyalar qatnashdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan oʻtgan samarali muzokaralarni yuksak baholab, ishbilarmonlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va qoʻshma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.

Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtarish haqida tarixiy qaror qabul qilindi.

Koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari muhim oʻrin tutayotgani qayd etildi.

Fransiya ishbilarmon doiralari vakillariga Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar strategiyasini qoʻllab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Joriy yil yanvar oyida «MEDEF» tarkibidagi yirik kompaniyalar rahbarlarining Toshkent shahriga tashrifi natijalari yuksak baholandi.

Fransiya kompaniyalari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida qator qoʻshma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ushbu mamlakat investitsiyalarini faol jalb etish va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, Fransiya korxonalarining yechimlari, toʻplangan katta tajriba va bilimlarini qoʻllashdan Oʻzbekiston manfaatdor.

Oʻzbekiston Prezidenti Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Fransiya kompaniyalari bilan 2027 yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro boʻlgan aniq yoʻnalish va loyihalar kiritilgan.

Dasturni amalga oshirish doirasida Fransiyaning yetakchi bank va moliya tashkilotlarini faol jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning samarali vositalari keng joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Davlatimiz rahbari muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini oʻzlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xoʻjaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalarni Oʻzbekiston-Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida koʻrsatib oʻtdi.

Energetikada energiya ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, Oʻzbekiston hududlarida suv xoʻjaligi, kommunal, turizm, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.

— Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Oʻzbekiston-Fransiya investitsiya kengashini taʼsis etishni taklif qilaman. Biz tomondan unga Oʻzbekiston Bosh vaziri rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida oʻtkazishimiz mumkin. Barchangizni tashkil etilayotgan kengashning toʻla huquqli aʼzosi sifatida boʻlajak tadbirda faol ishtirok etishga taklif etaman, — dedi davlatimiz rahbari.

Oʻz navbatida, Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq taklif va rejalarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari ishbilarmon doiralar vakillariga muvaffaqiyatlar tilab, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga Oʻzbekiston Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan «yoʻl xaritalari» asosida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.