Rasmiy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida qoʻshma biznes forumida ishtirok etdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tadbirda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 200 dan ziyod rahbarlari, jumladan, Malayziyaning “Petronas”, “MMC Corporation”, “DRB-Hicom”, “Gemilang Coachwork”, “Proton”, “Gentari”, “Five Petroleum”, “YTL Corporation”, “Sunview Group”, “KPJ Healthcare”, “MK Tron”, “Mimos”, “Sparco Engineering”, “Tradewinds Group”, “Kapital DX”, “Gamuda”, “Westports”, “Khazanah”, “EXIM Bank of Malaysia” va boshqa koʻplab kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bugun boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralarda Oʻzbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirishning ikki yillik davrini boshlash boʻyicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olinganini taʼkidladi.
Oʻtgan yili Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani, ikki mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik tadbirlar oʻtkazilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olis boʻlishiga qaramay, transport va logistika imkoniyatlari kengayib bormoqda. Poytaxtlar oʻrtasida deyarli har kuni toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Boʻlib oʻtgan muzokaralarda mavjud zaxiralar chuqur tahlil qilinib, koʻp qirrali sheriklikning yangi «oʻsish nuqtalari» belgilab olindi.
Tovar ayirboshlash hajmini karrasiga oshirish, imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni ishlab chiqish, oʻzaro koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Qoʻshma loyihalarning salmoqli portfeli shakllantirildi, Sanoat kooperatsiyasi dasturi ishlab chiqildi.
— Maqsadimiz — munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, — dedi Prezident.
Malayziya Oʻzbekistonning muhim innovatsion va texnologik hamkoridir. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston-Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning qator ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi.
Bu, eng avvalo, elektronika va yarimoʻtkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishdir. Sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar, maʼlumot markazlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Gaz-kimyo va kimyo sanoati muhim yoʻnalish hisoblanadi. Polimerlar, «yashil» vodorod va ammiak ishlab chiqarish boʻyicha strategik loyihalarni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda.
Qurilish sohasining jadal rivojlanishi innovatsion va ekologik toza qurilish materiallariga talabni oshirmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng koʻlamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi. Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilgʻor tajribasi asosida innovatsion farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda katta imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi. Shu nuqtai nazardan, «aqlli» qishloq xoʻjaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va «halol» standartlarini qoʻllash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Davlatimiz rahbari Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini Oʻzbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bundan tashqari, geologiya, taʼlim, transport, ziyorat turizmi kabi yoʻnalishlarda hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston yetakchisi malayziyalik ishbilarmonlarning qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqishi katta ekanini, ular texnologiyalar va bilimlar bilan oʻrtoqlashishga tayyorligini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shu munosabat bilan Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari navbatdagi qoʻshma biznes forumini shu yil kuzda Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi.