Zamonaviy talablar asosida bunyod etilgan 630 oʻrinli 55-sonli maktabda oʻquvchilar va oʻqituvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Yorugʻ xonalar, qulay mebel, oʻquv-laboratoriya uskunalari, sport zali, stadion, oshxona-bufet va boshqa qulayliklar bolalarning sifatli taʼlim olishida muhim oʻrin tutadi, deya xabar bermoqda Prezident.uz saytida.
Sohada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida oʻqituvchilar, ota-onalar, oʻquvchi-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini puxta oʻrganish, ularga tayangan holda ish koʻrishga tizimli yondashilmoqda. Xususan, aholi keng qatlamining xohish-istaklari inobatga olingan holda yangi oʻquv yilidan boshlab umumtaʼlim maktablarida 10-sinflar tashkil etilib, oʻquvchilarning intilishiga qarab ular maktab, kollej, litseylarda taʼlimni davom ettirishi uchun keng sharoitlar yaratildi.
Maʼlumki, poytaxtimizning ayrim hududlarida maktab oʻquvchilarning uylaridan uzoqda joylashgan. Bu maktabga oʻz vaqtida borib kelish, sifatli taʼlim olishga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Mazkur massivda barpo etilgan maktabda bu holat bilan bogʻliq barcha jihatlar eʼtiborga olingan. Ota-onalarning taʼkidlashicha, uylarning oynavand qismlari maktab tarafga qaratilgan boʻlib, bu bolalarning maktabga qatnashi, tanaffus paytida ham ularga koʻz quloq boʻlib turish uchun qulaydir. Bundan tashqari, bolalar qorli-qirovli kunlarda ham maktabga transport vositalariga chiqmasdan borib kelish imkoniyatiga ega boʻladi.
Prezidentimiz maktab bilan tanishar ekan, taʼlim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirishda bu kabi loyihalar muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidladi.
Prezidentimiz shu yerda Sergeli tumani faollari, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik vakillari, yangi uy sohiblari bilan uchrashdi. Uchrashuvda jamiyatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, aholiga yaratilayotgan sharoitlar, yangi ish oʻrinlari yaratish toʻgʻrisida soʻz yuritildi.