Prezidentlar Abay merosiga bagʻishlangan koʻrgazma bilan tanishdilar

0
141
marta koʻrilgan.

Bugun Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev buyuk qozoq shoiri Abay Qoʻnonboyev merosiga bagʻishlangan koʻrgazma doirasidagi ekspozitsiya bilan tanishdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Abay qozoq xalqining asriy orzularini, adolat,  insonparvarlik va qardoshlik gʻoyalarini tarannum etgan. Uning sheʼriy asarlari va noyob “Nasihatlar” kitobiga jamlangan hikmatli soʻzlarini oʻqib, XIX asr oxirlarida qozoq dashtlaridagi turmush haqida aniq tasavvurga ega boʻlish mumkin.

Davlat rahbarlari Qozogʻiston muzeylaridan keltirilgan noyob eksponatlar, jumladan, Abay Qoʻnonboyev hayoti va ijodiga oid tarixiy ashyolar, fotosuratlar, kitoblar bilan tanishdilar.

Abayning uch torli doʻmbirasi, Qoʻnonboyning doʻppisi, qoʻlyozmalari, adib va uning oilasi tasvirlangan fotosuratlar tomoshabinlarda qiziqish uygʻotdi.

Prezidentlar koʻrgazma bilan tanishib, mamlakatlarimiz madaniy hayotidagi ushbu muhim tadbirni tayyorlashga hissa qoʻshganlarga minnatdorlik bildirdilar. Bunday tadbirlar doʻstlik rishtlarimizni mustahkamlashga xizmat qilib, oʻzbek xalqida qardosh qozoq xalqining tarixiga qiziqish gʻoyat balandligidan dalolat berishi taʼkidlandi.

Taʼkidlash joiz, shu kunlarda mamlakatimiz boʻylab Abay Qoʻnonboyev merosiga bagʻishlangan madaniy tadbirlar oʻtmoqda.

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Oʻzbekistonga tashrifi doirasida ikki davlat rahbarlari samarali muzokaralar oʻtkazib, koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

Ittifoqchilik munosabatlari va davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomalar imzolandi. Hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qiymati 8 milliard dollarlik hujjatlar, shartnoma va bitimlar imzolandi.

Umuman, oliy darajadagi muzokaralar kun tartibining kengligi va erishilgan kelishuvlarning ahamiyati boʻyicha ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan tarixiy voqea boʻldi.

Qardosh Qozogʻiston yetakchisining davlat tashrifi yakunlandi. “Toshkent” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuzatib qoʻydi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.