Prezidentlar kelgusi uch yilga Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligini taʼkidladilar va muzokaralar natijalari muhim kelishuvlar bilan mustahkamlandi

0
74
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning barcha sohalari va yoʻnalishlarini qamrab olgan alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

— Keng delegatsiyangiz bilan Oʻzbekistonga amalga oshirayotgan davlat tashrifingizni yurtimiz va mintaqamiz bilan koʻp qirrali hamkorlik rivojiga katta eʼtiborning yana bir tasdigʻi sifatida qabul qilamiz, — dedi Prezidentimiz.

Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning jadal va innovatsion rivojlanishida asosiy sheriklardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda energetika, kimyo, avtomobilsozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, oziq-ovqat va boshqa sohalarda 726 ta qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Koreya investitsiyalarining hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi, oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollarga yetdi.

Muzokaralar chogʻida kelgusi 3 yil uchun Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sherikligining yangi yuqori texnologiyali kun tartibini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari buni “Ikki mamlakatning yuqori texnologiyali va innovatsion hamkorligining yangi davri” deb eʼlon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Shu munosabat bilan hukumatlarga Oʻzbekistonda mintaqaviy yuqori texnologik xab yaratish boʻyicha strategik dasturni tayyorlash topshirildi.

Ayni paytda strategiyaning tub yoʻnalishlari sifatida bir qator ustuvor sohalarda hamkorlik qilish taklif etildi.

Birinchidan, oʻta muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlik. Bu resurs bazasini chuqur qayta ishlagan holda qoʻshilgan qiymatning toʻliq zanjirini yaratishni nazarda tutadi.

Ikkinchi. Koreya Respublikasi anʼanaviy ravishda global yetakchilardan biri hisoblangan yarimoʻtkazgichlar sohasida strategik hamkorlik. Bu borada mamlakatimizda mintaqada birinchi yaxlit ilmiy-ishlab chiqarish klasterini barpo etish rejalashtirilgan.

Uchinchi. Kimyo sanoatida keng koʻlamli hamkorlik. “Yashil” vodorod va ammiak ishlab chiqarish, shuningdek, tayyor rezin-texnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalar tayyorlangan.

Toʻrtinchi. Mashinasozlikda kooperatsiyani chuqurlashtirish. Joriy yil bahorida Jizzax viloyatida KIA avtomobillarini yigʻish liniyasini ishga tushirildi. Kelgusi yilda yiliga 60 mingdan ortiq sedan ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilgan.

Beshinchi. “Aqlli” qishloq xoʻjaligini yaratishga texnologiyalarni jalb qilish, shu jumladan, agrar tarmoqni raqamlashtirish, «aqlli» va «yashil» texnologiyalarni joriy etish.

Mamlakatimiz hududlarida qayta tiklanadigan energiya manbalari asosida zamonaviy issiqxona xoʻjaliklari va bogʻdorchilik majmualarini barpo etish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Oltinchi. Infratuzilmani modernizatsiya qilish va shaharsozlik dasturi. Koreya banklari va kompaniyalarining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida turar-joy va tijorat obyektlarini loyihalashtirish va qurishga qiziqishi yuqori ekani taʼkidlandi.

Yettinchi. Zamonaviy va xavfsiz energetika. “Yashil” energetika va energiya samaradorligini oshirish sohasida istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish uchun tomonlar energetika vazirlari darajasida strategik muloqotni qayta tiklashga va uning navbatdagi yigʻilishini yaqin orada Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib oldilar.

Koreya Eksimbanki va EDCF jamgʻarmasi bilan sheriklik muvaffaqiyatli boʻlayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi, ular bilan qoʻshma loyihalar portfeli 3 milliard dollardan oshgan.

EDCF jamgʻarmasi doirasida 2 milliard dollarlik yangi loyihalar, jumladan, yuqori tezlikdagi elektr poyezdlarni yetkazib berish, «Toshkent Farma Park» loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va taʼlim muassasalarini jihozlash boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Hozirgi sammitga tayyorgarlik koʻrish jarayonida yuqoridagi yoʻnalishlar boʻyicha 9,6 milliard dollarlik yangi loyihalar portfeli shakllantirilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Prezidentlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar.

Samarali sheriklikning yaqqol misoli Koreya tomoni bilan hamkorlikda qurilgan zamonaviy koʻp tarmoqli bolalar klinikasi hisoblanadi.

Muzokaralar chogʻida kattalar uchun shifoxona va onkologik klinikani oʻz ichiga olgan tibbiy klaster loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha katta tajriba toʻplangan. Oʻtgan yilning martida birinchi Oʻzbekiston-Koreya rektorlari forumi boʻlib oʻtdi. Kelgusi yili navbatdagi uchrashuv oʻtkaziladi.

Oʻzbekistonda Koreya fan va texnologiyalari instituti (KAIST) modeli asosida institut tashkil etish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Koreya Davlat boshqaruvi instituti va Milliy inson resurslari instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt oʻquv markazini ochish rejalashtirilgan.

Koreyalik mutaxassislarni jalb qilgan holda koreys tilini oʻrganish dasturlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

KOICA koʻmagida Toshkent, Samarqand, Shahrisabz, Fargʻona va Urganchda ochilgan professional taʼlim markazlarida oʻzbekistonlik fuqarolar muvaffaqiyatli tayyorlanayotgani qayd etildi.

Koreya tomoni moliyaviy-texnik koʻmakni jalb qilgan holda bunday markazlar tarmogʻini Oʻzbekistonning boshqa hududlarida ham ochishga tayyorligini bildirdi.

Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida kelgusi yilni “Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi oʻzaro almashinuvlar yili” deb eʼlon qilish va oʻzaro madaniy tadbirlarni oʻtkazish taklif qilindi.

Bundan tashqari, 2027 yilda Oʻzbekistonda koreys diasporasi istiqomat qilayotganining 90 yilligi keng nishonlanadi.

Prezidentlar bu tarixiy sanaga atab Toshkent shahridagi Koreys madaniyati va sanʼati uyida muzey va kutubxona ochishga kelishib oldilar.

Davlatimiz rahbari «Elektron hukumat»ni rivojlantirishda, «Raqamli Oʻzbekiston» strategiyasini ishlab chiqishda, IT-park salohiyatini mustahkamlashda va «U-Enter» biznes inkubatorlarini yaratishda Koreya tomonining katta hissasini qayd etdi.

Bu borada tomonlar sunʼiy intellekt, biznes jarayonlarini autsorsing qilish va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish, ekologiya, mehnat migratsiyasi va boshqa muhim yoʻnalishlarda aniq takliflar koʻrib chiqildi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yoʻnalish boʻyicha aniq muddatlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilangan «yoʻl xaritalari»ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol oʻrtasida boʻlib oʻtgan samarali muzokaralar yakunlari boʻyicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli toʻplami qabul qilindi.

Davlat rahbarlari Alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish toʻgʻrisidagi Qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Davlat tashrifi doirasida jami 17 ta hujjat, shu jumladan:

– Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi bilan hukumatlararo bitim;

– Koreya Eksport-import banki va Hyundai Rotem kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish toʻgʻrisida bitimlar;

– Koreya Eksport-import banki bilan oʻrta maktablar uchun fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari uskunalarini yetkazib berish toʻgʻrisida bitim;

– «Toshkent Farma Park» innovatsion farmatsevtika klasteri loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida bitim;

– Oʻzbekiston davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2025–2027 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

– Jahon savdo tashkiloti doirasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Transport sohasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv;

– Oʻzbekiston hududlarida markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv;

– Oʻta muhim minerallar sohasida sheriklik toʻgʻrisida kelishuv;

– Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Koreya qoʻshma qoʻmitasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida kelishuv;

– Malakali va professional kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;

– Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;

– “Oʻzsanoatqurilishbank” AJ bilan Koreya Eksport-import banki oʻrtasida banklararo master-kredit liniyasi toʻgʻrisida bitim imzolandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.