Prezidentlar “Oʻzbekiston-Rossiya” birinchi hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etdi

0
122
marta koʻrilgan.

Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor “Oʻzbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. “Oʻzekspomarkaz”da ochilgan forumda Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ushbu forumga tashrif buyurdi. 

«Biz strategik sherigimiz va ittifoqdoshimiz — Rossiya Federatsiyasi bilan barqaror va ishonchli munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz. Ushbu forumning yuqori nufuzi va yuksak darajada tashkil etilgani ikki tomon ham hamkorlikdan manfaatdor ekani, bu borada ulkan salohiyat mavjudligining yana bir yorqin tasdigʻidir», dedi davlatimiz rahbari. 

Oʻzbekiston va Rossiya hududlararo aloqalarga muhim ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda bunday aloqalar yanada faollashdi. Oʻzaro 40 dan ortiq tashrif uyushtirildi. Sentyabr-oktyabr oylarining oʻzida Oʻzbekistonning 14 hududi rahbarlari Rossiyaning 26 subyektida boʻldi. Bularning natijasida mahsulot yetkazib berish uchun yangi bozorlarga yoʻl ochildi, ish oʻrinlari yaratildi, aholi uchun qoʻshimcha daromad manbai paydo boʻldi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini aynan hududlar rahbarlari va tadbirkorlar belgilashini taʼkidladi.  

Yuqori texnologiyali qoʻshma korxonalar tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlar bozorlarini oʻzlashtirish uchun kooperatsiyani kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. 

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Rossiyaning Ivanovo viloyati kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda qoʻshma toʻqimachilik klasterlari, Moskva bozorlariga meva-sabzavot yetkazib berish uchun Surxondaryo viloyatida zamonaviy agromajmua, Sverdlovsk viloyati bilan hamkorlikda Qashaqadaryo viloyatida yengil va ogʻir metall konstruksiyalar zavodi, tataristonlik sheriklar bilan birgalikda Toshkent viloyatida kimyoviy oʻgʻitlar va Qoraqalpogʻistonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berishda Moskva, Boshqirdiston, Orenburg va Rossiyaning boshqa subyektlaridagi ulgurji-taqsimot markazlari infratuzilmasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bunday loyihalar juda koʻp. 

Eng muhimi, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida mustahkam va uzoq muddatli sheriklik munosabatlari tashkil topdi. 

Forumda ishbilarmonlar oʻrtasidagi hamkorlikning amaliy masalalari, aniq loyiha va dasturlar muhokama qilindi. Ularning natijasida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi. 

Prezidentimiz Hududlararo hamkorlik forumini har yili oʻtkazishni taklif qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.