Prezidentlar tashrifning samarali natijalaridan mamnunligini bildirdilar

0
87
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov muzokaralardan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Davlatimiz rahbari Qirgʻiziston Prezidenti va xalqini har doimgidek samimiy va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

–  Davlat tashrifimiz Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining oʻttiz yilligida oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston rahbari ishonch va konstruktiv muloqot ruhida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvlar natijalarini yuksak baholadi. Tomonlar koʻp qirrali hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini batafsil muhokama qilib, uni chuqurlashtirish boʻyicha aniq qarorlar qabul qilganlarini taʼkidladi.

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgani ikki tomonlama munosabatlarda chinakam tarixiy voqea boʻlgani qayd etildi.

– Chegarani delimitatsiya qilish masalari toʻliq tartibga solingani ikki tomonlama hamkorlik va hududlararo almashinuvlar rivojida muhim oʻrin tutadi, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi,dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan muhim hujjatlardan biri Keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiya boʻldi. Bu, davlatimiz rahbari qayd etganidek,  mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlidagi koʻp qirrali hamkorlik rivojida yangi davrning boshlanishidir.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning eng muhim ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash yetti barobarga koʻpaydi va 1,3 milliard dollarga yetdi.

Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan importning oʻrnini faol toʻldirish va savdo markazlarini tashkil etish orqali ikki milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Kuni kecha oʻtgan biznes-forumda umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik shartnoma va kelishuvlar imzolangani ham ushbu maqsadning muvaffaqiyatli roʻyobga chiqishiga xizmat qiladi.

Avtomobillar, qurilish materiallari, toʻqimachilik mahsulotlari va ip-kalava, elektrotexnika tovarlari va elektron hisoblagichlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan yirik kooperatsiya loyihalari jumlasidan.

Tomonlar ikki mamlakat korxonalari va sarmoyadorlari ishtirokida energetika va kon tarmoqlarida, shu jumladan koʻmir sanoatida yirik infratuzilmaviy loyihalarning amalga oshirilishidan manfaatdor.

Bu boradagi ishlarni tizimli asosda tashkil etish uchun Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot fondi kengaytiriladi, Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik boʻyicha 2023-2025 yillarga moʻljallangan kompleks dastur hamda Sanoatning ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirish toʻgʻrisida bitim qabul qilindi.

Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash doirasida tomonlar mamlakatlarimizning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini birgalikda yetishtirish va yetkazib berishga kelishib oldilar.

Yana bir strategik yoʻnalish – transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish.

– Saʼy-harakatlarimizning muvaffaqiyati koʻp jihatdan transport sohasidagi hamkorlikning samaradorligiga bogʻliq, dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Muzokaralar davomida yetakchilar “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish borasidagi saʼy-harakatlarni faollashtirishga ahdlashib oldilar. Energetika sohasi ham, xususan, Qambarota GES-1ni birgalikda barpo etish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Ushbu megaloyiha, hech shubhasiz, nafaqat Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning, balki butun mintaqamizning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi, dedi davlatimiz rahbari.

Muzokaralarda hududlararo aloqalarni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi. Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashining yigʻilishlarini muntazam oʻtkazib borish mazkur aloqalarning kengayishiga xizmat qiladi.

–  Boshqa hech bir mamlakat bilan bunday noyob muloqot maydoniga oʻxshashi yoʻq, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻsh shahrida rekonstruksiyasi yakuniga yetayotgan Oʻzbek musiqali drama teatri qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikning yorqin ramzi boʻlishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonga davlat tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.