Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimgi Xivaning Ichan-qalʼa majmuasi tarixiy obidalari va Nurillaboy saroyini ziyorat qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahardir. Bu yerda 120 dan ortiq meʼmoriy obidalar joylashgan.
1990 yilda Xiva shahri YUNYeSKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, 1997 yilda uning 2500 yilligi nishonlangan. 2020 yilda shahar Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb eʼlon qilindi, 2024 yilda esa islom dunyosining turizm poytaxti boʻldi.
Nurillaboy saroyi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalarning ichki koʻrinish, kaminlari, Venetsiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qoʻshgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va sanʼati haqidagi hikoyalar qozogʻistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu bilan Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi.
Koʻhna Xiva shahrida oʻtgan oliy darajadagi tadbirlar doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar, mintaqaviy ahamiyatga molik jihatlar yuzasidan fikr almashdilar.
“Xiva gilamlari” kombinati faoliyati, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishildi.
Xiva shahridagi Ichan-qalʼa majmuasining tarixiy obidalari va Nurillaboy saroyi ziyorat qilindi.
Urganch xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz kuzatib qoʻydi. Soʻng davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.