Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti: yangi tashabbuslar, qulaylik va yengilliklar

0
106
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbari, avvalo, oʻtgan yilgi uchrashuvdan beri bajarilgan ishlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, biznes muhit yaxshilangani natijasida oʻtgan bir yil davomida tadbirkorlar tomonidan 55 mingdan ortiq biznes uchun binolar qurilgan. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik subyektlari soni 5 mingtaga koʻpayib, 26 mingtaga yetgan. Yana ming nafari tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazgan, 220 nafarining tushumlari esa 100 million dollarga yetgan. Eksport qiluvchi korxonalar soni 7,5 mingta boʻlgan, umumiy eksport hajmi 30 foizga koʻpaygan.

Ushbu, navbatdagi muloqot arafasida ham “koll-markaz” tashkil etildi va tadbirkorlardan 12 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularda shaxsiy yoki mahalliy muammolar bilan birga tizimli masalalar ham koʻtarilgan. Ular boʻyicha eng maqbul yoʻllarni topish uchun tahliliy ish olib borilishi qayd etildi.

Prezident beshta asosiy yoʻnalishni koʻrsatib oʻtib, ularning har biri boʻyicha koʻplab tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi yoʻnalishda korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha alohida yondashuvlar belgilandi.

Xususan, yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan korxonalar – mikro biznes, 10 milliard soʻmgacha boʻlgani – kichik biznes va 100 milliard soʻmgacha boʻlgani oʻrta biznes toifasiga kiradi.

Shundan kelib chiqib, 2023  yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha boʻlgan stavkalari oʻrniga, yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.

Yillik aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshib, umumiy soliq toʻlash tartibiga oʻtgan korxonalar bir yil davomida foyda soligʻini 2 barobar kam toʻlaydi. Ushbu imkoniyatlar 370 ming tadbirkorga yengillik yaratadi.

Yuqori salohiyatli oʻrta korxonalar sonini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlanib, ular uchun qator soliq va kompensatsiya imtiyozlari belgilandi.

Oʻtgan yilgi ochiq muloqotda davlatimiz rahbari biznes uchun soliq yukini kamaytirish siyosatini davom ettirishga vaʼda bergan edi. pandemiya keltirgan iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramay, 2023 yil 1 yanvardan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 12 foizga tushirilishi maʼlum qilindi.

Tadbirkorlar uchun yana bir yengillik. Joriy yil 1 iyuldan boshlab, boʻsh bino yoki foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan soliqlarning oshirilgan stavkalarini qoʻllash bekor qilingan edi. Prezidentimiz tadbirkorlarning shu tarzda ilgari oshirib hisoblangan 2 trillion soʻmlik qarzlaridan ham voz kechilishini aytdi.

Ikkinchi yoʻnalish qulay moliyalashtirish tizimiga oid boʻldi. Shu maqsadda kichik biznes loyihalariga 20 trillion soʻm yoʻnaltirilishi belgilandi. Bundan tashqari, tijorat banklari xalqaro moliya institutlaridan ham mablagʻlar jalb etadi.  

Tadbirkorlik jamgʻarmasi tomonidan kafillik berish imkoniyatlari qoʻshimcha 2 barobarga oshiriladi. Natijada kamida 15 ming nafar tadbirkorning kredit olishdagi garov masalasi  hal boʻladi.

Alabtta, kredit  bu – masalaning bir tomoni. Biznes uchun yana infratuzilma va kafolatli bozor kerak. Bu borada esa, deylik, Toshkent viloyati bilan olis hududlarda imkoniyat mutlaqo har xil.

Shu bois uchinchi yoʻnalishda tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib, biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etish masalasi koʻrildi. Kelgusi yildan shart-sharoiti boʻyicha barcha tuman va shaharlar 5 ta toifaga ajratiladi. Ularda soliq, subsidiya, kredit foizlari uchun kompensatsiya va kafillik berish, infratuzilmaga ulash boʻyicha alohida tartiblar belgilanadi.

Yerni xususiylashtirish uchun belgilangan summa, yaʼni yer soligʻining 20 karrasi miqdoridagi toʻlov Toshkent shahri va viloyat markazlarida 10 karraga, boshqa hududlarda 5 karraga pasaytiriladi.

Toʻrtinchi yoʻnalish tadbirkorlarning mulk huquqi himoyasi haqida boʻldi. Yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish, tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qoʻyishni faqat sud hal qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, tadbirkorlarning sudlarga murojaat qilish imkoniyati kengaytiriladi. Jumladan, maʼmuriy sudlarga ariza berishda davlat boji stavkasi 2 barobar kamaytiriladi. Tadbirkorlarning soliq idoralari qarori ustidan sudga shikoyat kiritish muddati hozirgi 1 oydan 3 yilgacha uzaytiriladi.

Beshinchi yoʻnalishda tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Avvalo, tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy eʼlon qilindi. Kelgusi yildan 26 ta idoraning takrorlanuvchi nazorat funksiyalari bekor qilinishi aytildi.

Davlatimiz rahbari soliq tekshiruvlariga oid jarimalar turi koʻpligi va ogʻirligi boʻyicha juda koʻp murojaatlar boʻlganiga eʼtibor qaratdi.

Misol uchun, oyiga oʻrtacha 1 million soʻm soliq toʻlaydigan kichik tadbirkorlarga 5 milliondan 10 million soʻmgacha moliyaviy jarima qoʻllanmoqda. Yaʼni, kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.

Prezident barcha turdagi tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi, jarimalar miqdori tadbirkor toʻlayotgan soliq miqdoridan oshmasligi kerakligini taʼkidladi.

Umuman, endi savdo sohasida ishlaydigan tadbirkorlarni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo barham topadi – yaʼni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik toʻliq bekor qilinadi.

Adliya vaziri va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning takliflarini chuqur oʻrganib, tekshiruvlar muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash boʻyicha qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

 Muloqotda tadbirkorlarni maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Davlatimiz rahbari koʻp ish oʻrinlari yaratgan, oʻz sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan, el-yurt orasida obroʻ qozongan biznes vakillari mehnatini eʼtirof etish uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvonini taʼsis etish taklifini bildirdi.

Savdo-sanoat palatasi faoliyatini takomillashtirish zarurati ham koʻrsatib oʻtildi. Endi uning vazifa va vakolatlari kengaytiriladi. Xususan, hukumatga koʻrib chiqishi majburiy boʻlgan masala kiritish, tadbirkor manfaatini koʻzlab Oliy sudga ariza berish vakolatlari beriladi. Savdo-sanoat palatasi hukumat boʻysunuvidan toʻliq chiqariladi va tadbirkorlar manfaatining chinakam himoyachisiga aylanadi.

Ushbu ochiq muloqotda aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Jamoatchilik kengashi tuzilishi belgilandi.

Soʻzining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ishbilarmonlarini Tadbirkorlar kuni bilan yana bir bor tabriklab, faoliyatlariga muvaffaqiyat tiladi.

– Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida gʻoyat muhim va hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, innovatsion fikr va yondashuvingiz bugun  har qachongidan ham muhim va bu oʻrinda siz barcha soha vakillariga oʻrnak boʻlishingizga ishonaman, – dedi davlat rahbari.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.