Professional boks boʻyicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevga

0
243
marta koʻrilgan.
Amerika Qoʻshma Shtatlarining Mayami shahrida professional boks boʻyicha boʻlib oʻtgan musobaqada yuksak azmu shijoat va mahoratini namoyon etib, yurtimiz boks sporti tarixida ilk marotaba WBA va IBF yoʻnalishlarida gʻalaba qozonib, rekord natijani qoʻlga kiritgani hamda yoshlarimizga ibrat namunasini koʻrsatib, ular ongida milliy gʻurur, ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun boks boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Axmadaliyev Murodjon Qahor oʻgʻliga «Oʻzbekiston iftixori» faxriy unvoni berildi.
 
 Qadrli farzandim Murodjon,

Avvalo, Seni, barcha ustoz va murabbiylaringni, butun xalqimizni boks boʻyicha erishgan tarixiy gʻalabang bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

AQSHning Mayami shahrida ikki yoʻnalishdagi professional boks boʻyicha amaldagi jahon chempioniga qarshi oʻtkazgan gʻoyat shiddatli va qiziqarli jangingni oʻzbekistonliklar katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi.

Millionlab tengdoshlaringga ibrat namunasini koʻrsatib, yuksak mardlik va matonat bilan professional boksning ikkita eng nufuzli (WBA Super va IBF) yoʻnalishlarida shunday buyuk gʻalabani qoʻlga kiritganing, jahon boksidagi uzoq yillik rekordni yangilaganing har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

El-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil Oʻzbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi boʻlgan Sen kabi jasur va vatanparvar oʻgʻlonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz va chin yurakdan olqishlaymiz.

Murodjon oʻgʻlim, Sen ringda oʻzbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va maʼnaviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligini, Oʻzbekiston tom maʼnoda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yana bir bor isbotlading. 

Fursatdan foydalanib, jonajon Vatanimizning bayrogʻi va shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yanada yuksaltirish yoʻlidagi sharafli faoliyatingda ulkan omadlar, oilaviy baxt-saodat va yangi yutuqlar tilab qolaman.

Hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Toshkent shahri

2020 yil 1 fevral

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.