Butun umrini fanga baxshida etgan biologiya fanlari doktori, professor Igor Vladimirovich Belolipov mazkur yilning fevralida qutlugʻ sakson yosh bilan yuzlashdi. Ilmiy pedagogik va ijtimoiy faoliyatiga 60 yil toʻldi.
Olim Toshkent shahrida tugʻilib kamol topgan. Toshkent qishloq xoʻjalik instituti (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti) Oʻrmon xoʻjaligi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlab, oʻz mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika bogʻida boshlab, katta laborant, aspirant va kichik ilmiy xodim lavozimlarida ishlab, 1967 yilda biologiya fanlari nomzodi, 1983 yilda “Oʻrta Osiyo florasidagi oʻtli oʻsimliklar introduksiyasi” mavzusida olib borgan serqirra ilmiy tadqiqot ishlarini umumlashtirib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega boʻldi.
Kasbdoshlari olimni Oʻzbekistonda va MDH da botanika, oʻsimliklar introduksiyasi va dendrologiya fani sohasida koʻzga koʻringan yirik olim, hurmatli ustoz, malakali pedagog, professor — domla deb eʼzozlashadi. Introduksiya bu – yovvoyi holdagi oʻsimliklarni va boshqa mamlakat oʻsimliklarining rivojlanish jarayonini oʻrganib, uni madaniylashtirish iqlimlashtirishdir. Dendrologiya – butasimon daraxtlarni oʻrganadigan fandir. Olim butun umrini ana shu sohani yuksaltirishga bagʻishladi. Oʻt oʻsimliklarning introduksiyasi laboratoriyasida respublikamiz florasining yovvoyi holda oʻsayotgan bir va koʻp yillik oʻt oʻsimliklarini madaniylashtirish, iqlimlashtirish asosida madaniy turlar sonini koʻpaytirish, muhofaza qilish va saqlash borasidagi ilmiy tadqiqotlarini ustozi Fedor Nikolayevich Rusanov bilan yaqindan xamkorlikda amalga oshirdi. Olim oʻz faoliyati davomida ushbu fanlar sohasida nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega boʻlgan qator ilmiy muammolarning yechimini topishga harakat qildi, fanni yangi maʼlumotlar, uslublar, qoidalar bilan boyitdi. Ishlab chiqarish uchun tavsiyanomalar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar yaratdi.
Professor I.V.Belolipovning asosiy ilmiy izlanishlari Oʻzbekiston tabiiy florasida noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlarini saqlab qolishga bagʻishlangan. U ilk bor Oʻzbekiston sharoitida yovvoyi holatda oʻsuvchi 12 ta asosiy oʻsimlik turkumlarining intraduksion xususiyatlarini oʻrgangan. Olimning ilmiy izlanishlari natijasida Oʻzbekiston tabiiy florasining intraduksion imkoniyatlarini aniqlash uchun xizmat qiladigan ekologik-introduksion usullar ishlab chiqilgan va dunyo amaliyotida keng foydalanib kelinmoqda.
I.V.Belolipovning Toshkent qishloq xoʻjaligi institutidagi ilmiy-pedagogik faoliyati 1985 yil Botanika kafedrasi mudirligidan boshlandi, 1987-1988 yillar universitetning sirtqi taʼlim fakulteti dekan muovini, 1988-1991 yillar Meva-sabzavotchilik va oʻrmon xoʻjaligi fakulteti dekani lavozimlarida faoliyat yuritdi. Ayni kunda universitetning qishloq xoʻjaligida ekologik xavfsizlik va botanika kafedrasi professori sifatida mutaxassislar tayyorlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Shu bilan birga u umri davomida OʻzR FA Botanika instituti qoshidagi ixtsoslashgan kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining ekspert guruhining aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar qoʻmitasi eksperti sifatida Respublikamiz oliy oʻquv yurtlariga, ilmiy tadqiqot institutlariga, qishloq xoʻjaligiga malakali mutaxassislar tayyorlashda faol qatnashdi.
Uning rahbarligida 4 nafar fan nomzodi – Sobchak R.O., Begimqulov Sh.Sh., Samir Sayed El Ganayni, Imirsinova A.A. va bir nafar fan doktori (Sheraliyev A.Sh., 2001) tayyorlangan boʻlib, ular Oʻzbekiston, Rossiya va Misr Arab Respublikasida jahon fanining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelmoqdalar.
Professor I.V.Belolipov tomonidan 250 dan ortiq ilmiy, oʻquv-uslubiy, oʻquv qoʻllanma va darsliklar chop etilgan. Olim 200 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar, 1 ta patent, 2 ta monografiya, 4 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta maʼruza matnlari hamda 15 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va bir qancha namunaviy dasturlar mualifidir.
Ilmiy ijodining mahsuli Respublikamizda oʻsimliklarni iqlimlashtirish asosida ularning zahirasini koʻpaytirish va muhofaza qilish boʻyicha chop etilgan Oʻzbekiston Respublikasi “Qizil kitobi” (1984 y., 1998 y., 2009 y.), “Oʻsimliklar ekologiyasi va geografiyasi” (1987), “Oʻrta Osiyo tabiiy florasi oʻt oʻsimliklarining introduksiyasi” (1989 y.), “Rastitelniʼy mir Uzbekistana” (1997 y.), «Morfologiya rasteniy Sredney Azii (1991 y.), “Oʻsimliklar morfologiyasi” (2007 y.),“Phyto chenicals; Aqing and Helth” (2008 y.), “Botanika va oʻsimliklar fiziologiyasi” (2012 y.), “Dikorastuyushʼiye lekarstvenniʼe rasteniya Uzbekistana”(2012y.), “Medical Plants of Central Asian: Uzbekistan and Kirghizstan” (2013 y.), “Botanikadan laboratoriya mashgʻulotlari” (2014 y.), “Botanika va oʻsimliklar fiziologiyasi” (2018 y.) qomusnomalarda oʻz ifodasini topgan.
Respublika oliygohlari va kollejlari uchun moʻljallangan “Botanikadan amaliy mashgʻulotlar” 2002 yilda va “Botanikadan oʻsimliklar fiziologiyasi” kitobi 2006 yilda chop etilgan boʻlib, agrar yoʻnalishi talabalari uchun asosiy oʻquv qoʻllanmadir. “Oʻsimliklar morfologiyasi” kitobi 2007 yilda yaratilgan. Morfologiya- yunoncha soʻzdan olingan boʻlib, morfo-shakl, logos-taʼlimot, oʻsimliklarning tashqi tuzilishini, ularni tashqi muhit taʼsirida oʻzgarib borishi oʻrgatadi. Olim ana shunday 15 dan ortiq darslik va oʻquv uslubiy qoʻllanmalarning muallifidir.
Ushbu darsliklarda oʻqitishning ilgʻor pedagogik texnologiyalari zamon ruhi, milliy istiqlol gʻoyasi tamoyillari bilan uygʻunlashtirilgan holda talabalarga bilim berishga moʻljallangan.
Professor I.V.Belolipov jahon botanka faniga qoʻshgan hissasi AQSH, Angliya davlatlaridagi olimlar bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqotlarida oʻz ifodasini topgan. U 1977 yilda “SSSR Apollon” xalqaro Sovet — Amerika botaniklar ekspeditsiyasi tarkibida Kolorado, Bayoming, Yuta, Nyu Meksika shtatlaridagi Shimoliy Amerika florasini oʻrganish boʻyicha Oʻrta Osiyo vakili sifatida, 1983 yilda Buyuk Britaniyaning Qirollik jamiyati taklifiga asosan Angliya va Shotlandiya Botanika bogʻlaridagi oʻsimliklarni koʻpaytirish va iqlimlashtirish boʻyicha tavsiyalar bergan. 1992 yilda Angiya, Yangi Zelandiya va boshqa davlatlar uchun fermerlar tayyorlaydigan Glostershir bogʻdorchilik, qishloq xoʻjalik kollejidagi oʻquv jarayonini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqishda muataxassis sifatida qatnashgan. 1995-1999 yillarda Oksford universitetining Oʻsimliklar toʻgʻrisidagi boʻlim tashabbusi va taklifiga asosan Liverpul, Kembridj, Redding universitetlarida boʻlib, u yerda yetishtirilayotgan Oʻzbekistonning noyob va kamayib borayotgan tabiiy florasi vakillarini aniqlash va ularni yetishtirish texnologiyalariga tavsiyalar bergan. 2003-2006 yillar davomida Markaziy Osiyo bio xilma-xilligini oʻrganish va ulardan yangi farmatsevtik vositalar yaratish boʻyicha Xalqaro loyixa-ICBJ da ilmiy ishlarga kordinatorlik qildi.
Professor I.V.Belolipov oʻz ishiga oʻta sadoqatli, fidoiy va samimiy, kamtarin inson. Uning botanika sohasidagi ishlari talabalar, hamkasblari orasida hamisha diqqat va eʼtiborga sazovor.
U oʻz ilmiy va pedagogik faoliyati davomida Respublikamizning taniqli buyuk botanik olimlari – Qodir Zokirov, Rudolf Vladimirovich Kamelin, Yevgeniy Petrovich Korovin, Viktor Petrovich Bochansevlarning fandagi gʻoyalarini davom ettirib kelmoqda. Salohiyatli olim hozirgi kunda ham yoshlarning dono maslahatchisi va gʻamxoʻr ustozidir.
Respublika miqyosida oʻtkaziladigan innovatsion gʻoya, loyixa va texnologiya yarmarkasida har yili shogirdlari bilan faol qatnashadi, Respublika, MDX va xorijiy davlatlarida boʻlib oʻtgan konferensiyalarda 100 dan ortiq maʼruzalar bilan qatnashgan.
Professor I.V.Belolipov rus tili, ingiz tili bilan bir qatorda, oʻzbek tilini ham mukammal biladi. Oʻzbek tilida talabalarga muloqot, amaliyot, maʼruza darslarini yuksak pedagogik mahorat bilan oʻtkazadi.
”Oʻzbek tili ona tilimdek yuragimdan joy olgan. Chunki, shu yurtda oʻsib ulgʻaydim, oʻz yoʻlimni, sevgan sohamni, oʻzligimni topdim”deydi u. U universitet oʻqituvchilari va talabalari orasida oʻzining samimiyligi, yoshlarga nisbatan talabchanligi va mehribonligi, oʻta madaniyatliligi kabi insoniy fazilatlari tufayli chuqur xurmatga sazovor. I.V.Belolipov ilgʻor pedagogik mahoratiga ega boʻlib, oʻquv jarayonida noʼanaviy pedagogik usullaridan foydalanib, darsni tashkil qilishi talabalar va magistrantlarning bilimini ortishiga, dars jarayonini sifatining yaxshilanishga sabab boʻlmoqda. Uning tajribalarini umumlashtirish asosida chop etgan oʻquv va oʻquv-uslubiy ishlari Respublikada yaratilayotgan taʼlim stadartlari talabiga toʻliq javob berib, fanlarini davlat tilida oʻqitishga xizmat qilmoqda.
Professor I.V.Belolipov Oʻzbekiston Respublikasida boʻlib oʻtadigan botanika, dendrologiya, oʻsimliklar introduksiyasi va ekologiya sohasidagi yirik anjuman, konferensiyalar tashkilotchisi hamda ishtirokchisidir.
Respublika qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi koʻp yillik xizmatlari, samarali ilmiy-pedagogik faoliyati malakali kadrlar tayyorlashdagi fidokorona mehnati uchun I.V.Belolipov 1999 yili “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni va YUNYeSKOning “Inson va biosfera” dasturining faxriy yorliqlari, Xalq xoʻjalik yutuqlari koʻrgazmasining kumush medali, shuningdek, Respublikada Taʼlim toʻgʻrisidagi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga tadbiq qilishdagi fidokorona mehnatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002 yildagi farmoniga asosan “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan. 2017 yil 7-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Erkin ZARIPOV, ToshDAU professori
Gulnoz SAPAROVA, ToshDAU dotsenti