Prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga

0
60
marta koʻrilgan.

Hurmatli prokuratura xodimlari!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, aziz qonun posbonlarini 8 yanvar – Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi kunda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimizda qonun ustuvorligini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Qonun hukmron boʻlgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy oʻsish va yuksalish boʻladi, inson qadri, huquq va manfaatlari taʼminlanadi.

Bunday muhim maqsadlarga erishishda prokuratura organlari va ushbu tizimda xizmat qilayotgan, oʻz kasbi va burchiga sodiq, vatanparvar insonlarning roli katta ekanini bugun alohida taʼkidlashimiz oʻrinlidir.

Qadrli doʻstlar!

Sizlarga maʼlumki, soʻnggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, oʻz nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega boʻlgan tizimni shakllantirish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

El-yurtimizning Konstitutsiyamizda mustahkamlangan huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishda, qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda prokuratura organlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ayniqsa, xalq bilan ochiq muloqot qilish, aholi muammolarini chuqur oʻrganish va hal etish, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish soha xodimlarining eng asosiy va kundalik vazifasiga aylandi.

Prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borish faoliyati tubdan oʻzgartirildi. Ilgari qonun buzilishi holatlarini aniqlash va jazolashga asosiy oʻrin berilgan boʻlsa, endi asosiy eʼtibor bunday holatlarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

Eng muhimi, prokuratura tizimi ham, odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham oʻzgarmoqda. Bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida “jazolovchi idorani” emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga koʻmaklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor boʻlishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani koʻrmoqda.

Buni keyingi yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 148 mingga yaqin tadbirkorning muammolariga yechim topilgani ham tasdiqlaydi.

Kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, tergov hamda huquqni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Bosh prokuratura akademiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

Bugungi kunda tadbirkorlik va investitsiya, qurilish yoʻnalishlarida, yer resurslaridan foydalanishda qonun buzilishining oldini olish, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, yoqilgʻi-energetika va ekologiya, madaniy meros va sport sohalarida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan samarali prokuror nazorati tizimi yoʻlga qoʻyildi va oʻz ijobiy natijalarini bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan oʻtgan davrda 53 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qoʻyildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 4,7 trillion soʻm zarar undirildi, 15 mingdan ortiq shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berilib, ularning tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtishi taʼminlandi.

Prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi ijro ishini yuritish boʻyicha mavjud tartibsizliklarga barham berib, qatʼiy intizom oʻrnatishga imkon yaratdi. Birgina oʻtgan yil davomida 36 trillion soʻmlik sud hujjatlarining ijrosi taʼminlandi.

Hurmatli soha xodimlari!

Mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni taʼminlash borasidagi ishlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda har bir prokuratura xodimi bir haqiqatni chuqur anglab yetishi zarur. Qachon odamlarimiz hayotida xotirjamlik, roʻzgʻorida farovonlik va halovat boʻladi, qachon ularda ertangi kunga ishonch ortadi? Qachonki, yurtimizda qonunlar qogʻozda emas, balki amalda qatʼiy bajarilgan, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini oʻz kundalik hayotida his etgan taqdirda bu maqsadga toʻla erishish mumkin.

Xalqimizning ogʻirini yengil qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlarimiz ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni koʻz qorachigʻidek asrash, tibbiyot, taʼlim kabi sohalardagi islohotlarimizni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz boʻlish – prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir. Buni hech kim unutmasligi kerak. Aminmanki, yurtimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish jarayoni umumxalq harakatiga aylanayotgan bugungi kunda prokuratura xodimlari alohida jonbozlik koʻrsatib, oʻz tashabbuslari bilan barchaga namuna boʻladilar.

Ana shu maqsadlarda prokuratura organlari faoliyatiga ilgʻor ish uslublarini va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qonunlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmlarini muntazam takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va tergov ishiga zamonaviy ilm-fan hamda amaliyot yutuqlarini tatbiq etish, xodimlarning bilim darajasi va maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, ularning fidokorona mehnatini munosib qadrlash kelgusida ham eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Ishonchim komil, prokuratura xodimlari qonun himoyasi – bu xalq va Vatan himoyasi kabi muqaddas burch ekanini chuqur anglab, zimmalaridagi gʻoyat masʼuliyatli va sharafli vazifani bundan buyon ham samarali ado etadilar.

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sogʻliq, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka, qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.