QADIMIY HUNARNING YANGI QIYOFASI

0
44
marta koʻrilgan.

Buxorolik Aziza Tojiyeva anʼanaviy hunarmandlik mahsulotlarini internet orqali xalqaro bozorda faol sotayotgan yurtdoshlarimizdan. 24 yoshli tadbirkor koʻp asrlik hunarmandlik ishlariga zamonaviylik bagʻishlashda raqamli texnologiyalardan keng foydalanmoqda. U qoʻl mehnati namunalarini turli ijtimoiy platformalar orqali onlayn sotyapti.

 Davlatimiz rahbari shu yil 16 yanvar kuni investitsiyalarni keng jalb etish va eksport hajmini oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar muhokamasi boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida xalqaro marketpleyslar orqali mahalliy mahsulotlarni ilgari surish uchun 2 million dollar yoʻnaltirilishini aytdi. Demak, davrning oʻzi qahramonimiz kabi ish tutish, xalqaro bozordan oʻz oʻrnini topish vazifasini qoʻymoqda. Aziza Tojiyeva yoʻlga qoʻygan savdo usuli mahalliy mahsulotlarimiz qiymatini oshirishning optimal yechimlaridan.

Azizaning milliy mahsulotlar eksporti borasidagi yetakchiligi CNN nashrida chop etilgan maqolada eʼtirof etilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi. Maqolada yurtimizda soʻzanachilik jonlanishi, hunarmandlarning jahon bozoriga chiqishida zamonaviy texnologiyalar muhim oʻrin tutishi haqida aytiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo xalqlarining asrlar davomida kashtachilik bilan shugʻullanib kelgani va bu faoliyat bugun ham davom etayotgani tilga olingan. Haqiqatan, Buxoroning koʻpgina qadimiy hunar turlari bugungacha avloddan avlodga oʻtib kelishi tufayli koʻplab oilalarning daromad manbaiga aylangan. Qahramonimiz kashta tikishni onasi Muhabbat Qoʻchqorovadan, Muhabbat opa esa oʻz onasidan oʻrgangan. Sulolaning munosib davomchisi zamonga monand shakllanib, ustozlaridan-da oʻzayotir. Ayni paytda u kichik tadbirkorligi ortidan 200 dan ziyod ayolning kasanachilik orqali bandligini taʼminlagan. Ular shu ishdan oilasiga daromad olib kiryapti.

Tadbirkor qizga buyurtmalarning aksariyati AQSHdan tushsa-da, Ispaniya, Italiya va Buyuk Britaniyada ham mijozlari bor. Savdo hajmining oʻsishi, buyurtmachilar talabini taʼminlash oilaviy korxonani qishloqlardagi ayollar bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga undaydi. Oddiy qishloq ayollari yasagan buyumlar esa xorijliklar eʼtirofiga sazovor boʻlayotir.

— Oʻzbek hunarmandlari benihoya hayratimni oshiryapti. Kashtachilik bilan shugʻullanayotgan xonadonga kelib, hunarmandlarning ijod namunalari qoʻlda yaratilayotgan moʻjiza ekanini angladik. Bunday mehnatning qadrini biladigan bozorni topish muhim masala. Shu maʼnoda, biz bu mahsulotlarga qanday qilib xaridor topishni oʻrgatishimiz, qanday qilib Yaponiya, Yevropa bozoriga olib chiqish yoʻllarini izlashimiz kerak. 100 foiz tabiiy mahsulotlar dunyoning nufuzli brendlariga raqobatbardosh boʻlishi uchun bunday tadbirkorlar bilan tizimli ishlaymiz. Tavsiyalarimiz yurtingizdagi qadimiy hunarlar sabab yasaladigan mahsulotlarga xorij bozorlaridan doimiy joy topishga yordam berishiga ishonchim komil, — dedi Yaponiyaning Yamaga universiteti huzuridagi “Tadbirkorlar uchun taʼlim va tadqiqot” markazi direktori Tadashi Onoredo.

Ha, bugun onlayn platforma imkoniyatlari sabab hunarmandlik eksporti geografiyasi ham kengayyapti. Shu bois, qahramonimizning hunari ortidan qilmoqchi boʻlgan ishlari, maqsad va niyatlari juda katta. Zero, uning birgina Etsu sahifasida yostiqlardan tortib, yirik buyumlargacha mahalliy narxdan ancha qimmat sotilyapti. Bu esa nafaqat Aziza Tojiyeva, balki barcha hunarmandlar foydasiga, turizm rivojiga xizmat qiladi.

Oʻrni kelganida aytish joiz, yaqindagina dunyoning eng nufuzli nashrlaridan biri —AQSHning “The New York Times” gazetasi 2025 yilda tashrif buyurishga arziydigan 52 ta joy roʻyxatini eʼlon qildi. Ushbu roʻyxatda Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan Buxoro tarixiy markazi 22-oʻrinni egalladi. Roʻyxatda xalqaro va oʻzbekistonlik ijodkorlar ishtirokida oʻtkazilishi rejalashtirilgan birinchi Buxoro biyennalesi(ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan tadbir) haqida batafsil maʼlumot keltirilgan. Tadbir joriy yilning 5-20 noyabr kunlari shaharning tarixiy hududida tashkil etiladi hamda zamonaviy sanʼatga bagʻishlanadi.

YUNYeSKOning Umumjahon merosi obyekti sifatida eʼtirof etilgan bu shahar boy tarixi, hunarmandlar va shoirlari bilan dunyoga mashhur. Tadbir mehmonlari uchun qayta taʼmirlangan karvonsaroy uslubidagi mehmonxonalar, madrasalar va koʻp asrlik islom meʼmorchiligi durdonalari katta qiziqish uygʻotishi kutilmoqda. Oʻzbekiston turizmining koʻrki boʻlgan qadim Buxoro hunarmandlari ayni tadbirda ham qoʻl mehnati mahsullarini keng namoyish etadi.

Buxorolik hunarmand Aziza Tojiyeva haqida ushbu bitiklarni yozayotgan paytimiz namanganlik 8-sinf oʻquvchisining kulollik ishlarini dubayliklar sotib olganidan xabar topdik. Uning muvaffaqiyati maqolamiz mavzusiga bogʻliq boʻlgani uchun Mohiniso  Barotboyeva haqida ham qisqacha aytib oʻtgimiz keldi.

Olti yoshidan buyon kulollik bilan shugʻullanib kelayotgan Mohiniso Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 36-maktabda oʻqiydi. Ona tomondan bobolari taniqli hunarmandlar boʻlgan. Shu bois, qizda oʻzgacha did, noodatiy uslub bilan dekorativ buyumlar yasash qobiliyati bor. Kulollik buyumlarini yasashda u, asosan, shamotloyidan foydalanadi. Hunari orqasidan shu kungacha 20 million soʻmdan ortiq daromad topdi. Mahsulotlari bilan yuzlab tanlovda qatnashgan Mohiniso besh yildan buyon “Kamalak yulduzlari” tanlovida birinchilikni bermay kelyapti. Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Sharq gavhari” musiqa va sanʼat tanlovida “Samarqand ayollari sanʼati” nomli ijodiy ishi bilan Gran-pri sohibasi boʻldi.

Onasiga qoʻngʻiroq qilgan paytimiz u “Yangi yulduzlar” tanlovi oldidan intervyu berayotgan ekan. Qizning milliyligimizni aks ettirgan haykalchalari dubaylik sanʼat ixlosmandlariga yoqib qolgani esa hammasidan ham kutilmagan holat. Qiz yasagan bitta buyum 700 dollarga sotildi. Shu tariqa milliy buyumlarimizni mehmonlar oʻz vataniga olib ketdi. Ular oʻziga yoqqan qoʻl mehnati namunalarini sotib olganidan, biz esa amaliy sanʼatimiz, milliy hunarmandligimiz dunyoga tanilayotganidan xursandmiz.

Yaqin kelajakda Mohiniso singari, Aziza Tojiyeva kabi koʻplab yosh hunarmandlar onlayn bozorda yetakchilarga aylanishiga ishonamiz.

Munojat MOʻMINOVA, “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

 Saytimizning bugungi mehmoni – qisqa muddatda Oʻzbekiston  gazeta-jurnallari orasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan ”Yangi Oʻzbekiston“ nashri. Ushbu maqola ”Yangi Oʻzbekiston “ gazetasining  2025 yil 23 yanvardagi 16- sonidan olindi. Shuningdek, gazetaning YUZ. UZ sayti ham faoliyat yuritadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.