Qalbim toʻridagi dugonam

0
58
marta koʻrilgan.

Ushbu maqola Xorazm viloyatida chop etiladigan  «Toʻmaris avlodi» jurnalining 2024 yil,  8-sonidan olindi.

1963-yil 1-sentabr. Urganch shahridagi 1-sonli maktabning oldi oʻquvchilar bilan gavjum. Uch oy davomida boʻy choʻzib, qorayib, sogʻlomlashib taʼtildan qaytgan sinfdoshlar bir-birlariga gap bermay chugʻurlashadilar. Ulibibi Otajonova (Olloh oʻz raxmatiga olsin) sinf raxbari etib tayinlangan 6-«B» sinf oʻkuvchilarining xayajoni cheksiz. Negaki, saflariga bir gurux tengqurlari kelib koʻshilgan. Ular salgina yotsirab turibdilar. 6-«B»ga 2-qavatdan sinf xonasi ajratilgan. Demak, yuqori sinf oʻkuvchilari katoriga koʻshilibmiz. Zinapoyalardan chopqillab chiqib borayotganimizda jarangdor kulgu ovozi atrofni tutdi. Koʻzlari chaknab turgan qiz barchani eʼtiborini oʻziga jalb kilganicha zafq-shavq bilan gapirardi. Ilk uchrashuvdanoq meni ham diqqatimni tortgan qiz Raʼno Zaripova edi. Raʼno bilan tezda doʻstlashib ketdik. Umuman yangi sinfdoshlar bilan tez el boʻldik. Ular oʻn nafar tartib-intizomli oʻgʻil-qizlar edi. Urganch shahridagi 5-sonli maktab faqat 9-11 sinf oʻkuvchilari oʻkiydigan eksprimental taʼlim maskaniga aylantirilganligi sababli quyi sinf oʻkuvchilari bizning maktabga oʻtkazilgan edi.

Raʼno serfarzand pedogog oilasida kamol topdi. Otasi Zaripboy aka va onasi Jamila opa qisqa vaqt ichida biz uchun ham qadrdonga aylanishdi. Onasi bir paytlar kolxozda bosh hisobchi boʻlib ishlagan va farzandlar koʻpayganidan keyin butun hayotini bolalariga bagʻshida etgan, goʻdaklarining mehrga qonib voyaga yetishlari uchun jon kuydiradigan ayol edi. Oilaviy muhitning sogʻlomligi Raʼnoning borligʻida aks etib turardi. U sergap, zavqka toʻlib kula oladigan, darslarda, sinfdan tashqari ishlarda faol, oʻz fikri, dunyokarashiga ega, xakikatparvar, dadilligi, ayniqsa, turli xil oʻyinlarni tashkil qilishi, tashabbuskorligi bilan koʻzga tashlanardi. Faol yoshlarning Samarqandda, Toshkentda boʻlgan respublika miqyosidagi tadbirlarida qatnashib, bolaligidan oʻzligini topishga intilayotgan qiz edi.

Oltinchi sinfdan boshlab yotarlay paxtaga chiqqanmiz. Yotarlay degani- bir-ikki oy davomida koʻrpa-toʻshakni yelkalab, kolxozning chekka xonadonlarining biriga qoʻnib, paxta yigʻim-terimida faol qatnashmoq degani. Oʻsha paytda paxta terimi nima ekanligini anglaganmiz. Boʻzkalʼa kishlogʻining derazalari kichik, paxsa devorli eskigina kulbaga joylashganimiz esimda. Jonimizni jabborga berib kim oʻzarga paxta terardik. Sinf rahbarimiz Ullibibi opa biz bilan birga yotar, birga ovqatlanar, terimda ham yonimizda gohida u sinfdoshimizga gohida bu sinfdoshimizga yordam berib terishib yurardi. U oʻz onamizdek mehri daryo muallima edi. Terimdan charchab qaytib, sinfdoshimiz Gavhar pishirgan makaronni yeb, kerosin lampaning xira yorugʻida qizikarli oʻyinlarni boshlab yuborardik. Bu borada Raʼnoga teng keladigani yoʻq edi. Tashabbuskor, topqir, epchil edi. Sheʼrxonlikda Raʼno ikkalamiz boshqalarga gal bermasdik.

Raʼnoning chaqnoq koʻzlarini gʻamginlik bosdi. Shaddod doʻstim qisqa vaqt ichida soʻlib qolgandek tuyuldi. Oʻzidan ikki yosh katta Roʻza opasi 17 yoshida oq qon dardiga chalindi. Raʼno bilan birga deyarlik har kuni Roʻza opasidan xabar olardik. Unga kasalligini oshkor qilmaganlaridan xabardorligimiz uchun nuqul kuldiradigan hazillar topib gapirardik. Raʼno qizik-qizik hikoyalar aytar, oʻzi ham kular, lekin bu kulgulari avvalgidek jarangdor emasdi. Roʻza olamdan oʻtdi. Raʼno sogʻinch, iztiroblar iskanjasida qoldi. Qisqa vaqt ichida bizning sinfdoshlarga matematikadan saboq berib, qadrdon boʻlib qolgan opasini xotirlab qabriga amakisining avtobusida borib, oʻzi hayotligida sevgan baxmalgullarni qoʻyib qaytardik. Ayriliq azobini eritishda unga sheʼrlar, badiiy asarlar, sinfdoshlarining madadkorligi yordam berganday boʻldi.

Yuqori sinflarda har kim oʻz orzusini bayon qilishga boshladi. Biz Raʼno bilan jurnalist boʻlishga axd kildik. Keyingi ikki-uch yil davomida «Xorazm haqiqati» gazetasida maqolalarimiz, hikoya, hatto, feletonlarimiz ham chop etilgan edi. Xorazm televideniyesiga ham faol qatnashmb turardik.

1968 yil. Xorazmdan 17 nafar yigit-qiz ToshDUning jurnalistika fakultetiga xujjat topshirdik. Ikki nafarimiz: Raʼno va men talabalik darajasiga erishdik. Biz baxtiyor edik. Toshkent Davlat universiteti (bugungi Oʻzbekiston Milliy universiteti) oʻsha yili yangi binoga koʻchdi. Talabalikka muyassar boʻlganlar faoliyatini hashar bilan boshlashdi. Auditoriyalarni tozalab, yangi oʻquv yiliga xozirladik. Qirq nafar kursdoshlar ichida qizlar sanoqligina edi. Hali bir-birimizni yaxshi tanimaymiz. Yoshi kattaroq kursdoshimiz Namoz aka Saʼdullayev ish boshi. Uning Raʼnoni zimdan kuzatayotgani menga malol keladi. Sinf raxbarimiz Ullibibi opa qizlarni toʻplab, tez-tez suhbat oʻtkazar, oʻqishga kiradigan boʻlsak, yigitlar nazaridan chetda yurishimizni, uydan, yaqinlaridan uzoqdagi qiz bola begona yigitlarga ermak boʻlib qolish mumkinligini koʻp takrorlar, bizlarni ehtiyot boʻlishga chorlar edi. Raʼno Namoz akaning nigohlarini ilgʻamas ochilib- sochilib, oʻziga yuklatilgan yumushlarni ado etardi.

Doʻstim Raʼno maktabdagi kabi universitetda ham yaxshi oʻqidi, paxta yigʻim-terimida faol qatnashib, mukofotlar oldi. Uning har bir fanga chinakamiga maʼsuliyat sezib yondashishi, mavzularni tahlil qilib oʻrganishiga tan berardim. Negaki, koʻpchilik talabalar imtixondan oʻtsam, stipendiya olsam boʻldi, qobilida ish tutsalar, Raʼno mantiqan ish tutuvchi edi. Esimda, bir seymester yaʼni  yarim yil arab imlosi oʻrgatildi. Biz beparvomiz. Oʻrganishga intilmaymiz. Ustozimiz xafa. Oʻqituvchimiz sinov kuni tortishib oʻtirishni lozim koʻrmay,  doskaga arab imlosida yozuv yozdi va baho daftarchasiga toʻgʻri koʻchirib olishimizni buyurdi, keyin birin-ketin imzo chekib chiqdi. Raʼno, Namoz aka va yana ikki-uch nafar kursdoshimiz arab imlosini chuqur oʻrganishga kirishdilar va qoʻshimcha ikki yillik kurslarga qatnab, samarali natijalarga erishdilar. Oxirgi kursda Raʼno bilan Namoz akaning toʻyi boʻldi. Namoz aka talabalik kezlarida amaliyot davrida-yoq “Sovet Oʻzbekistoni”(bugungi “Oʻzbekiston ovozi”) gazetasiga ishga joylashib ketgan edi. Toshkent shahrining markazida yangi ochilgan muhtasham kafedagi toʻyga gazeta jamoasi, sinfdoshlar, kursdoshlar, fakultetning faol talabalari, ustozlar, Xorazm-u Samarkanddan kelgan mehmonlar jam boʻlishgan. Kelinning dugonasi sifatida yonida oʻtiribman. Toʻy chiroyli oʻtdi. Meni koyil qoldirgani, yoshlar koʻp kavatli turar-joydan oʻz uyiga ega boʻlishgandi. Namoz aka bilan Raʼnoning xonadoni Toshkentda yurgan kursdoshlar-u sinfdoshlar uchun manzil-makonga aylandi. Toshkentda oʻqiyotgan sinfdosh qizlar tez-tez toʻplanardik, qizgʻin suhbatlar kechardi.

Dugonam Toshkentda qoldi. Mehnat faoliyatini ToshDU yoʻllanmasi bilan Oʻzbekiston televideniyasida muharrirlikdan boshladi. Oʻzbekiston televideniyasida muharrir, katta muharrir. «Qishloq haqiqati» gazetasida muxbir, «Sihat salomatlik» jurnalida boʻlim muharriri «Saodat» jurnalida boʻlim muharriri, masʼul kotib, «Sogʻlom avlod uchun» jurnalida boʻlim muharriri, masʼul kotib, bosh muharrir oʻrinbosari, «Sogʻlom avlod» gazetasida bosh muharrir vazifalarida ishladi.

U jurnalistika maydonida faoliyatini oddiy muxbirlikdan boshlab tashabbuskorligi, yetakchilik fazilatlari tufayli “Sogʻlom avlod” gazetasining bosh muharriri darajasiga yetdi. Bosh muharrir sifatida tashkilotchilik va ijodiy qobiliyatini namoyon qildi. 2000 yilda oz sonli obunachi bilan ish boshlagan «Sogʻlom avlod» gazetasi qisqa vaqt ichida respublika nashrlari ichida oʻz oʻrni va oʻz ovoziga ega boʻldi. Oila, onalik va bolalik muhofazasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, umumxalk harakatiga aylantirilgan ozod yurtimizda ana shu ulugʻvor vazifani amalga oshirishda nashr munosib hissa qoʻshib kelyapti.

Raʼnoning jurnalistik faoliyatini kuzatib havasim kelardi. Doʻstim 50 yillik jurnalistik faoliyatida jamiyatning muhim va dolzarb masalalarini dadil koʻtarib chiqishga layoqatli jurnalist sifatida elga tanildi. U «Davr va qayta qurish»(1988y), «Ayol, oila, jamiyat»(1989y) mavzusidagi turkum maqolalari uchun Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasining diplomini oldi, laureat boʻldi. Ozod va obod Vatanimiz va millatimiz istiqloli va istiqboliga bagʻishlangan respublika ijodkorlarining «Eng aziz va eng ulugʻ»(1999y), «Ayol buyuk zot»(2000y), «Atirgul»(1996y) kabi tanlovlarda publitsistik asarlari bilan ishtirok etib gʻolib boʻldi. «Istiqlol: zamonamiz qahramonlari» tanlovida(2007y) «Oʻzbekistonning har qarich yeri betakror» publitsistik toʻplami uchun sovrindor boʻldi.

Mamlakat ijtimoiy-maʼnaviy hayotining dolzarb masalalari qalamga olingan «El eʼzozlagan ayollar», «Boychechak», «Ayolga ehtirom», «Chashma», «Bola-aziz, ona-moʻtabar», «Barhayot nomlar», «Men gapiray, quloq tut bolam», nomli toʻplamlarda ocherk, badia va hikoyalari, «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi: milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni amalga oshirish masalalari» nomli toʻplamda huquqiy mavzuda maqolasi chop etilgan.

Ayni kunda uning kalamiga mansub asarlar–“Harorat”, “Onaginam”, “Yurt qoʻshiqlari”, ”Ona yurting – oltin beshiging“. ”Tarjima saʼati va tarjimon mahorati“ kabi kitoblari uyimizning kitob javonidan Feruz, Ogahiy, Egam Raxim, Raxim Bekniyoz, Roʻzmat Otayev, Erkin Samandarov, Erkin Madraximov, Kurbon Muhammad Rizo, Komil Avaz, Ulibibi Otayeva, Sayyora Samandarova kabi oʻnlab xorazmlik shoirlar, yozuvchilarning asarlari qatoridan oʻrin oldi.

Raʼnoning tirishqoqligi, masʼuliyatliligi Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodi qoʻyilishiga sabab boʻldi. Raʼno Zaripovaga Xonka tumani saylovchilari bilan uchrashuvlarga chiqqanida hamrohlik qildim va kasbdoshimning maʼruzalarini, el oldida oʻzini tutishini, xalq bilan muloqotini kuzatib kuchli yetakchi shaxsga aylanganini his qildim. U xalq ishonchiga sazovor boʻldi. Raʼnojon Zaripova 2004 yilda 101- Xonka saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputat etib saylandi. 2005 yildan 2010 21 yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasida ishladi. P.Zaripova palatada tayyorlanayotgan qonunlar ustida tajribali ijodkor sifatida ish olib borib, oʻzining fikr-mulohazalari va takliflari bilan qonun loyihalari ustida ishlashga munosib hissasini qoʻshdi. Shuningdek, qonunlarni aholiga yetkazishda ham samarali mehnat qildi. Deputatlik davrida ommaviy axborot vositalarida 200 dan ortiq oʻz chiqishlari bilan qatnashdi. Ularning barchasida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyati, mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar qalamga olingan.

Oʻzbekiston Milliy Tiklanish demokratik partiyasi Toshkent shaxar kengashi raisi (2007-2008 yillar) va Markaziy kengashining ayollar qanotida Xorazm viloyati boʻyicha masʼul deputat sifatida, siyosiy tashkilotning el orasidagi nufuzini oshirish, uning joylardagi faoliyatini jonlantirishga munosib hissa qoʻshadigan partiya hayotiga oid qator publitsistik maqolalar eʼlon qildi.

U bir umr davlat muassasalarida ishlash bilan birga samarali ijod qildi. Uning muallif sifatida jurnalistik faoliyatining ilk yillarida «Saodat» jurnalida chop etilgan hikoyasini hamon eslayman. Unda oila psixologiyasi, ayol kishining rashk tuygʻulari va ularni jilovlay olishi, samimiyligi juda kuchli ifoda etilgan edi. «Saodat» jurnalida chop etilgan  keyinchalik «Onaginam» toʻplamidan joy olgan «Oila haqida qoʻshiq» asari ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Unda ikkiqat ayolning toʻlgʻoq azoblari tarix silsilalari bilan uygʻinlashtirilib tasvirlanishi kishini xayolga toldiradi. Qatralardan iborat ushbu turkumda insonning vujudga kelishi, tarbiyasi muqaddas bir ajoyibot ekanligi oʻziga xos bir tarzda qalamga olingan.

«Harorat» toʻplamiga kirgan «Sabr kosasining chegalari» qissasida yosh ayolning hayoti va taqdiri orqali turgʻunlik yillarining muammolari oʻziga xos tarzda talqin etilgan. «Odamlar orasida» hikoyasida oʻzligini topishga intilayotgan oʻzbek qizining psixologiyasi qalamga olingan. Undagi botiniy tuygʻularning rang-barangligi kishini hayajonga soladi. Milliy qadriyatlarni avaylab yashayotgan inson qiyofasi, zamonaviy ayol obrazi koʻz oldingizda namoyon boʻladi. «Onaginam» toʻplamidagi «Ayol» «Oq volga» hikoyalarida ham muallif oʻzi yaxshi bilgan oʻzbek ayoli obrazlarini tasvirlagan. Birida  turgʻunlik yillaridagi deputat ayol, ona hamda rafiqaning hayoti, oʻy-qarashlari aks etsa, ikkinchisida farzand tarbiyasini muqaddas bilgan  yolgʻiz onaning insoniy qiyofasi, kechinmalari farzandining psixologiyasi orqali ochib beriladi. Ushbu toʻplamga kirgan «Imonga zoʻrlik» hikoyasida repressiya yillaridagi  oʻzbek ayolining taqdiri tasvirlangan. Oilasiga, eriga, bolalariga boʻlgan sadoqatini, oʻzligini asrab qolish yoʻlidagi kechinmalari goʻzal ifodalagan. Muallifning asarlari bilan tanishar ekansiz, yaxlit oʻzbek ayoli koʻz oldingizda namoyon boʻladi. Asarlar kishini oʻylantiradi, fikrlashga daʼvat etadi.

Raʼno Zaripovaning “Yurt qoʻshiqlari” asari qahramonlari orasida Nurotalik oddiy choʻpon ayoli Navvatoy Jumanazarovadan tortib, polimerlar kimyosi boʻyicha dunyo kimyogarlari orasida dong taratgan olima, kimyo fanlari doktori, professor, akademik Oʻzbekiston Respublikasi ombudsmani vazifasida uzoq yillar ishlagan Sayyora Rashidovagacha, olis Xorazmning Shovot tumanidagi moʻjaz qishloqlardan birida qarovsiz biyobonda bogʻ yaratgan ayol Sapargul ayadan tortib, tilshunos olima, filologiya fanlari doktori, professor Maqsuda Sodiqova, matematika fanlari doktori, professor Mahzuma Toʻlaganova, neontolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori Matluba Azimjonova kabi biri-biridan ajoyib zamondoshlarimiz bor.

Ushbu kitobdagi ocherk va badialarida inson ruhiyatidagi fasllarning xilma-xil manzaralari, kishi tabiatidagi pokiza hissiy holatlar, latif va samimiy tuygʻular chuqur mushohada bilan ifoda etiladi. R.Zaripova asarlaridagi har bir qahramon hayoti, taqdiri oʻquvchi qalbida nurli taassurotlar qoldiradi. Respublikamizning turli burchaklarida yashaydigan qahramonlar turli sohaning, turfa kasbning egalari boʻlsa-da, ularni insonga, diyorga mehr-muhabbat va samimiyat bilan yoʻgʻrilgan botiniy tuygʻulari uygʻunlashtirib turishini taʼkidlaydi.

Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonini erkinlashtirish, yangilanish odimlari va shiddatlarini, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va boshqa sohada olib borilayotgan islohotlarni oʻz vaqtida amalga oshirish kishilarning maʼnaviy-axloqiy kamolotiga, imon eʼtiqodi, gʻoyaviy — siyosiy yetuklik darajasi hamda intellektual salohiyatiga bogʻliq. Shuning uchun ham asarlarida bilim va izlanish, tajriba va malaka, shijoat va qobiliyat, yangilikka intilish va ezgulik qahramonlarning asosiy fazilati sifatida tarannum etiladi.

Har bir ocherk, maqola, badia, esseda davlat, jamiyat, fuqaro munosabatlarini uygʻunlikda aks ettirishga harakat qilgani ijodkorning oʻziga xos uslublaridan biri desak boʻladi. Qaysi-ki, qahramonning faoliyati  bilan tanishish jarayonida u ishlayotgan soha ham koʻz oldingizda gavdalanadi. Qaysiki, qahramonning zohiriy va botiniy koʻrinishlarini, turmush tarzini ifodalayotganda milliy qadriyatlarimizni his etamiz. Ijodkorning oʻziga xos uslubi ham ana shunda, har bir qahramonni mamlakatimiz xalq xoʻjaligidagi  bir yoʻnalishning goʻzal vakili va vakilasi sifatida koʻz oldingizda namoyon qila olganligidadir.

Zamonamiz qahramonlarining faoliyati bilan tanishib, yurtimizning fidoyi insonlari, xususan istiqlol tufayli olamga boʻylayotgan oʻzbek ayolining shon- shavkati haqida muayyan mulohazalarga kelish mumkin. Xullas, qahramonlarning hayoti, turmush tarzi bilan tanishib har bir inson hayoti va faoliyati bitta qoʻshiq, bitta doston deging keladi. Shuning uchun ham kitobning nomi yurt qoʻshiqlari deb nomlangan.

Jurnalistika va siyosat maydonida javlon urish bilan birga komil farzandlar tarbiyalash oson ish emas. Namoz aka bilan birgalikda ular besh farzandni tarbiyalab el qatoriga qoʻshgani va bir quchoq nevaralarning bobojoni momojoni ekanligi ham tahsinga loyiq. Qizlari oliy oʻquv yurtlarida muallima boʻlib ishlashadi. Ular doktorlik ilmiy unvonini olish uchun izlanishlar olib borishyapti. Oʻgʻillari huquqshunos, tadbirkor va ota-ona kasbini ushlagani ham bor.

Tajribali jurnalist, adiba va jamoatchi ayol sifatida   elga tanilgan Raʼno Zaripova mehnatkashligi va izlanuvchanligi tufayli kitobat olamida yana bir goʻzal ishga qoʻl urdi. Doʻstimning sharqshunos qizi Nodira Saʼdullayeva bilan hamkorlikda 1309 yilda yozilgan “Qisasi Rabgʻuziy” ikki jildlik asarni qadimiy turkiydan zamonaviy oʻzbek tiliga oʻgirgani serqirra inson ekanligini ifodalab turibdi.

Mustaqillik sharofati bilan Nosiruddin Burhonuddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” asari  kitob javonimizdan oʻrin oldi. Sobiq sovetlar davrida hayoti va ijodi oʻrganilishi  taqiqlangan allomaning asarlaridan rivoyatlar, hikoyatlar  9-sinfning adabiyot darsligiga kiritildi.

El orasida qadimdan mashhur boʻlgan bu asar “Paygʻambarlar qissasi” yoki “Avliyolar qissasi”deb ham yuritiladi. Zero, asarda Odam Atodan boshlanib, Muhammad alayhissalomgacha oʻtgan barcha paygʻambarlar haqida zikr etiladi. Qadimiy turkiy soʻz sanʼatining goʻzal va gʻaroyib obidasida paygʻambarlar hayoti Sharqning donishmandligi va goʻzal afsona-yu rivoyatlar orqali aks etgan. Asarda eʼtiqod va imonga sodiqlik, pok axloqning  badnafslik ustidan gʻalabasi tasvirlanadi. Asardagi insonlarni bir-birlariga jabr — zulm qilmay, nohaq qon toʻkmay, xarom- xarish ishlarga berilmay sharm-hayoni eʼzozlab yashashga undovchi oʻgit va hikmatlari  bugungi kunda ham oʻz mohiyatini yoʻqotgan emas. Ushbu asarning 1-jildi 2013 yil, 2-jildi 2015 yil chop etildi. U kitobni qoʻlga olganimda hamisha doʻstimni alqab qoʻyaman. 

Garchi u ayni kunda nafaqada boʻlsa-da, hamon jurnalistikaga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Nafaqaga chiqqach, “Sogʻlom avlod” gazetasida loyiha muallifi va rahbari sifatida faoliyat yuritdi. 2010-2016 yillarda Oliy Majlis huzuridagi fond tomonidan «Sogʻlom avlod tahririyati» MCHJga qarashli «Sogʻlom avlod» gazetasi hamda  Soglom. uz saytiga berilgan «Innovatsion texnologiyalarning yosh sohiblari», «Ozod – yurt bolalari», «Oʻzbekiston bolalar nigohida», «Soglom. uz saytida “Betakrorimsan Oʻzbekistonim fototanlovi» mavzularidagi grantlarning muallifi va rahbari sifatida faoliyat olib bordi.

2017 yil yanvardan bugungacha Toshkent shahar “Sogʻlom ona va bola”  ayollar va yoshlarni qoʻllab quvvatlash markazi nodavlat notijorat tashkiloti boshqaruvi raisi va “gujum. uz” internet nashri rahbari srfatida ishlamoqda. gujum. uz sayti ish boshlaganida 2000 oʻrinlarda turardi. Ayni kunlarda 160-220 orasida tushib- chiqib turadi. 2020 yil saytning muxbiri va bosh muharriri Oydin Saʼdullayeva Oʻzbekiston AQSH hamkorligi masalalarida yozilgan maqolalari uchun  “Oltin qalam” tanlovi doirasida AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasining mukofotiga sazovor boʻldi.

Nodavlat notijorat tashkiloti va “gujum. uz” sayti Oʻzbekiston Oliy Majlisi huzuridagi jamoat fond tomonidan berilgan “Oila madaniyati– yurt tinchligi” mavzusidagi salohiyat koʻchma klubi” (2017y. № 46.01/ 32), “gujum. uz” saytida Ahil oila maktabi”(2018 yil 53-01/112), “Mini kutubxona – mutola hamda tibbiy madaniyatni yuksaltirishning yangi usuli”(2020 yil. 65-01/157-sonli), Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi  huzuridagi Jamoat fondi  tomonidan berilgan “Kitobxon mahalla yohud ochiq osmon ostida QR kodli minikutubxona” (70-14/101. sana: 27. 08. 2021 y.) mavzuidagi  davlat  grantlarini hayotga joriy qildi.

Uning mehnati hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist unvoniga sazovor boʻldi(2004 yil23 avgust, №49). Oʻzbekiston Mustakilligining 10 yilligi, 15 yilligi hamda 30 yilligi esdalik nishoni bilan takdirlangan. 2020 yil “Fuqarolik jamiyatini yuksaltirishga qoʻshgan hissasi uchun” esdalik nishoni, 2021y. “Moʻtabar ayol” esdalik nishoniga sazovor boʻldi.

Doʻstimiz bir umr Toshkentda yashasada hech qachon yurtdan, bolalik oʻrtoqlaridan uzoqlashmadi. Xorazmga toʻy-marakalarga, sinfdoshlarning uchrashuvlariga imkon topib kelishga xarakat kiladi. Mabodo kela olmay qolsa, xizmat safari bilan kelganida albatta, xabar olib ketadi.

2016-yil 6-mart. Biz sinfdoshlar Raʼno Safarovaning 65 yoshga kirgan kunini nishonlashga yigʻildik. Shu kuni, 6-martda Raʼno Zaripovaning ham tugʻilgan kuni edi. Hamishagidek, maslahatlashib, qoʻl telefonini oʻrtada tutib, barchamiz bir ovozda baralla kichkirdik: «Raʼno, Raʼnojon, tugʻilgan kuning muborak, boʻlsin!» keyin telefonni qoʻlma-qoʻl olib, Raʼnoga dil soʻzlarimizni bayon qildik. U bir umr Toshkentda bizdan yiroqda yashagan boʻlsada ruhiy birdamlik hamisha mavjud edi.

Kuni kecha uning hayotidagi yana bir quvonchli xabar butun mamlakatimiz boʻylab qanot qoqdi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli ijodkor Raʼno Zaripova Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida  «Badiiy tarjimada muallif va tarjimon uslubi masalalari» mavzusida filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (RhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.  Dugonajonim yana bir muhim davonni egalladi. «Bu davonni egallashimda universitet rahbariyati, ilmiy kengashi, ustozu doʻstlarimning hissalari katta. Ular qoʻllab quvvatlab. ragʻbatlantirib turganlaridan bagʻoyat xursandman, minnatdorman»- deydi doʻstim. Xalqaro jurnalistika fakultetida yoshlarga taʼlim- tarbiya  bera boshladi. Taʼlim- tarbiya savobli va masʼuliyatli vazifa! Doʻstimga omadlar yor boʻlsin!

Doʻstlar davrasida hamisha ardoqli boʻlgan qadrdonimiz Raʼno Zaripovaga. uzokdami, yaqindami hamisha butun sinfdoshlarimiz nomidan omonlik tilaymiz!

Bekposhsha Xoʻjayeva, Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi aʼzosi,  «Shuhrat» medali sohibasi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.