Shavkat Mirziyoyev bundan roppa-rosa ikki yil muqaddam – 2016 yil 19 aprel kuni Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishini boshlab bergan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu yerda ulkan sanoat kompleksi va shaharcha bunyod etildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
2018 yil 19 aprel kuni ushbu majmuaning ochilish marosimi boʻldi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar sanoatning yetakchi yoʻnalishlarini izchil rivojlantirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi. Yoqilgʻi-energetika tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar faol jalb etilayotgani, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi Oʻzbekiston bilan Rossiya hamkorligining yorqin namunasi ekanini qayd etdi. Muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirib, korxona jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabrigini energetika vaziri Aleksandr Novak oʻqib eshittirdi.
“Lukoyl” kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperov, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muhandisi Shahzod Qurbonov, neft-gaz sohasi faxriysi Komil Fozilov soʻzga chiqdi.
Majmua faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.
Ushbu sanoat kompleksida yiliga 8,1 milliard kub metr gaz qayta ishlanadi. Bu orqali tozalangan tabiiy gaz, gaz kondensati, oltingugurt kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Ikki mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.
Umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod boʻlgan mazkur yirik loyiha “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi bilan Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi hamkorligida roʻyobga chiqdi. 114 ta quduq kovlanib, gazni yigʻish va qayta ishlash tizimlari qurildi. Bu jarayonda murakkab texnik yechimlar, ilgʻor texnologiyalar qoʻllanildi. Yoʻllar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr, suv tarmoqlari va boshqa infratuzilma obyektlari barpo qilindi.
Qorakoʻl tumanining olis choʻl hududida 1 ming 150 kishiga moʻljallangan shaharcha bunyod etildi. U yerda ishchilarning yashashi va dam olishi uchun zarur sharoit yaratildi.
Shavkat Mirziyoyev majmuaning texnologik jarayonini koʻzdan kechirdi. Laboratoriya va operatorlik boshqaruvi xonalarida boʻldi.