“Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo xalqlarining milliy taomlari festivali va tantanali konsert boʻlib oʻtdi.
Prezidentlar dastlab milliy taomlar namunalarini koʻzdan kechirdi.
Soʻng Markaziy Osiyo mamlakatlari sanʼat ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi boʻldi. Folklor-etnografik ansambllar va estrada xonandalarining chiqishlari zamonaviy sahna bezaklari bilan uygʻunlashib, ajib manzara hosil qildi. Milliy kuy-qoʻshiq va raqslar xalqlarimiz birligi, madaniy yaqinligini yaqqol namoyon etdi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahat uchrashuvining navbatdagi yigʻilishi doirasida oʻtkazilgan ushbu tadbirlar, shuningdek, yetakchi ayollar muloqoti va mintaqa Iqtisodiy forumi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil topgan sammitning yangi bosqichga chiqqanidan dalolat beradi.