Qarovsiz binolar oʻrnida yangi korxonalar ish boshladi

0
484
marta koʻrilgan.

Toʻqimachilik sanoati Andijon viloyatidagi “drayver” sohalardan boʻlib, bugungi kunda  bu yerda 700 ga yaqin shunday korxonalar faoliyat yuritmoqda.

 Andijon shahridagi “Dinar group” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan tikuvchilik korxonasi — shulardan biri.

Umumiy qiymati 10 million AQSH dollari boʻlgan ushbu loyiha uchun qarovsiz bino “nol” qiymatda berilgan edi. Atigi yetti oyda bu yerda zamonaviy korxona paydo boʻldi.

 Yangi korxonaga Italiya, Avstriya va Turkiya kabi davlatlardan mato boʻyash va tikuv uskunalari keltirib oʻrnatildi. 1000 ta ish oʻrni yaratildi. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj va 5 ming tonna yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga aʼzo boʻlishi bilan bu korxona uchun ham keng yoʻl ochildi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltirilmoqda. Bugungi kunda xorijiy davlatlar buyurtmalari asosida 50 dan ortiq turdagi yarim tayyor va 100 xildan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksportni 40 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Boʻsh turgan inshootlardan samarali foydalanishga qaratilgan iqtisodiy siyosat natijasiga Andijon shahridagi “Diromm” fabrikasi ham misol boʻla oladi. Uning binosi 1980 yillarda qurilgan, uzoq vaqt ishlamasdan, tashlandiq holga kelib qolgandi.

“Bobur XBK” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 33 million 500 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilgach, bino qiyofasi tamoman oʻzgardi. U mukammal taʼmirlanib, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Turkiyaning zamonaviy texnologiyalari oʻrnatildi. Hozir bu yerda 1 ming 500 kishi mehnat qilmoqda. Toʻliq quvvatda 2 ming 700 ta doimiy ish oʻrni boʻladi.

Bugungi kunda korxonada 200 turdagi jinsi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Matoni boʻyashdan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayon zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda.

Bu fabrikada ham mahsulotlar toʻliq eksport qilinadi. Moʻljal — yiliga 25 million dollarlik mahsulotni xorijga yetkazib berish.

Prezidentimiz yangi korxonalardagi ish jarayonini, mahsulot namunalarini koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga korxonalar faoliyatini kengaytirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.