Qarshi shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiali barpo etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu muassasani borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Joriy yil 8 sentyabrda davlatimiz rahbarining “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika Ona va bola skrining markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirilmoqda. Shuningdek, qarorda mazkur markazning 14 ta hududiy filiallari tashkil etilishi belgilangan.
Qashqadaryodagi ushbu muassasa hamma talablarga javob beradigan dastlabki shunday markazlardan biri.
Qariyb toʻrt gektarlik hududda toʻrt qavatli zamonaviy binolar barpo etilgan. Barcha boʻlimlar eng soʻnggi rusumdagi ilgʻor texnika va uskunalar bilan jihozlangan. Yurtimizda viloyatlar miqyosida hali bunday ulkan va zamonaviy tibbiyot markazi yoʻq, deyish mumkin.
Bu yerda 200 oʻrinli viloyat perinatal markazi, 200 oʻrinli shahar tugʻruqxonasi, 50 qatnovli skrining markazi va 50 qatnovli reproduktiv markaz yagona majmuada jamlandi. Tugʻish yoshidagi hamda homilador ayollarga tugʻruq va tugʻruqdan keyingi davrlarda bitta markazda ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatish imkoni yaratildi. Markaz ishga tushgach, bu yerda bir yarim ming nafar tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoit va qulayliklar bilan tanishdi. Germaniya, Belarus va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik doirasida shifokorlarning malakasini oshirish, markazda profilaktika va davolashning ilgʻor uslublarini joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Kelgusida markazda yiliga 8 ming nafardan ziyod patologik tugʻruqlarni qabul qilish imkoni yaratiladi. Bu koʻplab onalar hayotini saqlishda muhim.
Markazda, shuningdek, kaminvaziv va laparoskopik amaliyot turlari 42 taga yetkaziladi. Tubektomiya, kistoektomiya, miomoektomiya va ventrofiksatsiya amaliyotlari yoʻlga qoʻyiladi. Oʻsmir qizlar, ayollarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom onalikka tayyorlashdan boshlab, homiladorlikda antenatal parvarish, skrining, tugʻruq hamda keyingi ona va bola parvarishi jarayonlari bir joyning oʻzida tashkil etiladi.
Markaz 860 dan ortiq mahalla doyalari bilan muntazam aloqada boʻladi. Yagona elektron baza orqali viloyatning barcha hududlaridagi homiladorlar va tugʻish yoshidagi ayollar qamrab olinadi. Oʻn yettita markaziy koʻp tarmoqli poliklinika tarkibidagi ayollar maslahatxonasi va oʻn sakkizta tugʻruq majmuasi bilan aloqa oʻrnatiladi.
Bu orqali markaz xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yoʻnaltiradi. Nikohlanuvchilar, homilador va tugʻish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan oʻtkazadi. Irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydi.