Qarshi tumanida yangi shifoxona quriladi

0
94
marta koʻrilgan.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifi chogʻida rejadan tashqari tarzda Qarshi tumani tibbiyot birlashmasiga bordi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uning binosi oʻtgan asrning 60-70-yillarida qurilgan. Shifoxona 228 bemor oʻrniga va poliklinika 250 qatnovga moʻljallangan. Hozirda tumandagi 243 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Lekin bu yerdagi sharoitlar shuncha qamrovga va zamon talabiga mos emas. Ayrim jihozlarni yangilashga zarurat bor.

Prezidentimiz tibbiy boʻlimlar va xonalarga kirib, asl ahvolni koʻzdan kechirdi. Bu yerga kelgan bemorlar bilan suhbatlashdi.

– Bugun Qashqadaryoga kelishimizdan maqsad viloyatning 3 yarim millionlik aholisi turmush sharoitini yaxshilash, ogʻirini yengil qilish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish. Yoʻldan oʻtib ketayotib, shifoxona qanday ekan, deb kirdim. Holatni oʻzim koʻrib, oddiy odamlar bilan koʻproq muloqot qilib, qaror qabul qilish – mening eng katta maqsad-muddaom. Avval ham aytganimdek, taʼlim bilan tibbiyot sifatli boʻlsa, odamlar rozi boʻladi. Koʻp joylarda shifoxonalarni yaxshi qildik. Lekin Qarshi tumanidagi sharoit menga maʼqul emas. Bugun koʻrganlarimdan xulosa qilib, bu yerda yangi shifoxona quramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga boʻlajak majmua oʻrni va loyihasi boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi. Kelgusida u eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanadi va dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydigan bir guruh shifokor va hamshiralar xorijga malaka oshirishga yuboriladi. Shu tariqa bu maskan boshqa tuman shifoxonalari xodimlari uchun oʻquv-amaliyot markaziga aylanadi.

Shuningdek, tashrif chogʻida kadrlar saloihiyatini va tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, shifoxona atrofini tartibga keltirish masalalari ham aytib oʻtildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.