Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 25 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Maʼlumki, shu yil aprelda xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtgan, unda tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, bu orqali bandlikni taʼminlash hamda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida katta rejalar belgilab olingan edi.
Xususan, joriy yilda 10 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etib, ularning sonini 80 mingtaga yetkazish, 9 trillion soʻm investitsiya jalb qilib, 810 ta sanoat loyihalarini amalga oshirish, 430 mingta yangi ish oʻrni yaratish maqsad qilingan. Qishloq xoʻjaligida 12 ming 500 gektar yerni aholiga taqsimlab, 3 million 200 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, 11 ming gektar intensiv bogʻ va tokzor tashkil etib, meva-sabzavot eksportini 60 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyilgan. Ijtimoiy sohada 174 ta maktab, bogʻcha va poliklinika qurish va taʼmirlash, 1,5 ming kilometr ichimlik suvi tarmogʻi tortish hamda 1,8 ming kilometr ichki yoʻllarni taʼmirlash rejalashtirilgan.
Yigʻilishda Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov shu borada qilingan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi. Undan kelib chiqib, yil yakunigacha va kelgusi yilga moʻljallangan vazifalar muhokama qilindi.
Birinchi navbatda, tadbirkorlik va xizmat koʻrsatishni rivojlantirish masalasiga eʼtibor qaratilib, bu orqali kelgusi yil viloyatda 207 mingta ish oʻrni yaratish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Buning uchun imkoniyatlar koʻp. Jumladan, soatiga 1,5 mingta avtomobil qatnoviga ega Shahrisabz-Kitob yoʻli boʻyida xizmat koʻrsatishni tashkil qilish uchun 3 mingta tadbirkorni jalb etsa boʻladi. Shahrisabzning Miraki va Kitobning Qaynar qishloqlarida turizmni rivojlantirish orqali 10 mingta ish oʻrni yaratish imkoni bor. Shuningdek, boʻsh turgan bino va yer uchastkalaridan samarali foydalanish zarur.
Viloyatda katta salohiyatga ega yana bir soha – sanoat. Bu yoʻnalishda 960 ta loyihani amalga oshirib, 20 ming nafar aholini band qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Xususan, 22 ta noruda konni oʻzlashtirib, talab yuqori boʻlgan qurilish materiallari ishlab chiqarish imkoni bor. Kimyo, neft-gaz, energetika tizimidagi yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyib, 65 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish lozim. Klasterlar tomonidan taklif etilgan 12 ta loyiha paxtani chuqur qayta ishlash darajasini oshiradi.
Uchinchi muhim yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi. Jumladan, 18 ming gektar maydonda suv taʼminotini yaxshilab, qoʻshimcha 90 milliard soʻmlik mahsulot yetishtirish, 66 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilib, 300 million kub metr suvni iqtisod qilish, 10 ming gektar paxta va gʻalla maydonini qisqartirish hisobiga 32 ming oila bandligini taʼminlash mumkin. Umuman, imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanilsa, bu sohada 295 ming nafar aholi ishli boʻladi.
Yigʻilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, Qashqadaryoda markazlashgan toza ichimlik suvi taʼminotini kelgusi yilda 60 foizga yetkazish, 6 ming kilometr ichki yoʻllar va koʻpriklarni taʼmirlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Mahallalarda maktabgacha taʼlim muassasasi va poliklinikalar qurish, uy-joyga muhtoj aholining sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari belgilandi.
– Inson qadri, degan tamoyil asosida ishlab, hamma narsani xalqning muammolaridan kelib chiqib amalga oshiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Investitsiya dasturida mahallaning ulushi boʻlishi kerak. Buni xalq bilan maslahatlashib, hokimlar taklif beradi, mahalliy kengashlar bajarilishini nazorat qiladi. Oxirgi besh yilda koʻp joylarda sanoat rivojlandi. Endi investitsiyani eng ogʻir mahallalarga yoʻnaltirish, ularni yaxshilash kerak.
Yigʻilishda viloyat va tuman hokimlari qaysi mahallalarda ishsizlik koʻpu qaysilarida infratuzilma muammosi borligi, qanday tajribalarni ommalashtirish zarurligi haqida takliflarini bildirdi.
Ular asosida Qashqadaryoda tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish uchun 2023 yilda respublika byudjetida 685 milliard soʻm nazarda tutilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, “Tashabbusli byudjet” doirasida viloyat mahallalariga 135 milliard soʻm, yana 670 ta loyihani amalga oshirishga qoʻshimcha 265 milliard soʻm ajratilishi aytildi.
Bundan tashqari, 2023 va 2024 yillarda ichimlik suvi va avtomobil yoʻllari loyihalariga qoʻshimcha 410 million dollar jalb qilish boʻyicha topshiriq berildi.
Yil yakunigacha, shu tartibda, barcha viloyat hokimlari hisoboti koʻrib chiqilishi, kelgusi yilgi investitsiya dasturi shu asosida shakllantirilishi belgilandi.