Qashqadaryodagi iqtisodiy imkoniyatlar tahlil qilinib, qoʻshimcha vazifalar belgilandi

0
71
marta koʻrilgan.

Qarshi shahrida 25 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Dunyoda ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgani, befarqlik, oʻziboʻlarchilik kayfiyati bilan rivojlanib boʻlmasligi taʼkidlandi.

– Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va kelajagi uchun yangi korxonalar, yangi bozorlar, investitsiya, ish oʻrinlari, katta-katta tushumlar kerak. Jahon bozoridagi tebranishlar, hamkor davlatlardagi savdo cheklovlari davom etaversa, mahsulotlarni qayerga va qanday sotish kerak? Buning uchun qaysi korxonaga qanday koʻmak berish zarur, – deya savollar qoʻydi Shavkat Mirziyoyev.

Shu nuqtai nazardan, yigʻilishda asosiy eʼtibor sanoat, turizm, qishloq xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratildi.

Masalan, Dehqonobod, Kitob va Qarshi tumanlaridagi sanoat zonalarida 100 gektar yer boʻsh turibdi. Tadbirkorlar ularga 300 million dollar investitsiya kiritib, 3 ming 500 ta ish oʻrni yaratish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, goʻsht, sut va muva-sabzavotni qayta ishlash boʻyicha 50 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish imkoniyati bor.

Davlat rahbari Qashqadaryo iqtisodiyoti faqatgina yirik korxonalarga qarab qolmasligi kerakligini aytdi. Viloyatda isteʼmol tovarlari ishlab chiqarishda oʻsish surʼatlari respublika koʻrsatkichidan 3 barobar kam. Ayniqsa, kichik biznesning sanoatdagi ulushi eng oxirgi oʻrinlarda.

Masalan, Qashqadaryoda yiliga 150 ming tonna polietilen granulasi ishlab chiqarilsa-da, uning atigi 4 foizi viloyatning oʻzida qayta ishlanadi. Qamashida sement, gips va marmar, Shahrisabz tumanida grafit, Yakkabogʻda kvars qumi, Chiroqchida marganets, Kitobda dolomit va chinni konlari negizida koʻp mahsulotlar ishlab chiqarish mumkin.

Viloyatda yilning toʻrt mavsumida ham turistlarni jalb qilish salohiyati bor. Lekin, bu hozir Shahrisabz shahri va togʻli tumanlar bilan chegaralangan. Yil boshidan beri Qashqadaryoga 180 ming nafar xorijiy sayyoh kelgani holda, qoʻshni Samarqand va Buxoroga 3,5 million kelgan.

Davlatimiz rahbari qulay infratuzilma yaratib, turistlarni koʻpaytirish yoʻllarini koʻrsatib oʻtdi.

Xususan, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasi master-rejasi tayyorlangan. Bunda 450 million dollar qoʻshimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratiladi. Arxitektura yechimlari qoʻllangani uchun tadbirkorlarda sohaga ishtiyoq kuchaydi. Buning hisobidan Shahrisabzning oʻzida yiliga qoʻshimcha 500 milliard soʻm tushum kutilayapti, 5 mingta yangi doimiy ish oʻrni paydo boʻlayapti.

Shu maqsadda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yoʻlga qoʻyiladi. 1 yanvardan boshlab, u yerdan Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar koʻpaytiriladi. Toshkent – Qarshi yoʻnalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi. Natijada aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashishi, xorijiy va mahalliy sayyohlar 3 barobar koʻpayishi moʻljallangan.

Shuningdek, viloyatga avtotransportda kelishni qulaylashtirish maqsadida “Taxtaqoracha” dovonidan oʻtish talablari yengillashtiriladi. Kelgusi yilda dovonda yangi tonnel va yoʻl qurish loyihasi boshlanadi. Samarqand bilan Shahrisabzni bogʻlovchi 30 kilometr yoʻl hamda Gʻuzor – Buxoro yoʻlining 100 kilometr qismi taʼmirlanadi.

Umuman, kelgusi yilda xorijiy sayyohlarni 500 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligida ham salohiyat katta. Qashqadaryo respublikada eng koʻp don va paxta yetkazib beradi. Lekin viloyatda ish oʻrnini koʻp yaratadigan mato toʻqish 30 foizdan oshmaydi, matoni boʻyash yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, buning hisobidan qoʻshimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 milliard soʻm tushumni taʼminlash mumkin.

Shu bois kelgusi yilda viloyatda 370 million dollarlik 33 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish oʻrni yaratiladi.

Viloyatda Toʻqimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish zarurligi qayd etildi.

Viloyatda 1,4 million gektar yaylov bor. Bu – 7 million bosh qoramol va quy-echki uchun tabiiy ozuqa bazasi. Lekin Mirishkor, Muborak va Nishonda 20 foiz yaylov degradatsiyaga uchragan, yana 25 foizida maysa yoʻq.

Shu bois, kelgusi yilda 100 ming gektar yaylovni yashil ekinlar bilan qoplash dasturi amalga oshirilishi aytildi. Bunda qurgʻoqchilik, issiq va choʻllanishga qarshi urugʻchilik xoʻjaliklari tashkil qilinadi, meva-sabzavot va dorivor oʻsimliklar ekiladi, daraxtzorlar barpo qilinadi, suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Quyosh energiyasida ishlaydigan nasoslar oʻrnatilib, yomgʻirlatib sugʻorish pilot loyihasi ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, Chorva mollari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil qilinib, Ispaniyaning “Assaf” qoʻylaridan yangi milliy zotlar koʻpaytiriladi.

Mutasaddilarga 1,4 million gektar yaylovning elektron xaritasini yaratish va 100 ming aholini band qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Prezident ekinlarni suv bilan taʼminlash masalasi yildan yilga qiyinlashib borayotganiga toʻxtaldi. Bu muammo Qashqadaryo uchun ayniqsa dolzarb. Lekin suv tejovchi texnologiyalar 515 ming gektardan atigi 16 foizida joriy qilingan.

Shu bois, viloyatga 15 ta lazerli tekislash texnikasi olib kelinib, suv taʼminoti ogʻir Koson, Mirishkor, Kasbi va Nishonda dehqonlarga arzon va sifatli xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Sugʻorish tarmogʻini bosqichma-bosqich yopiq tizimga oʻtkazib, 30 foiz suvni tejash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga kanallarni betonlash, qoʻshimcha nasos va texnika olish, “Paxtaobod” kanalini modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoshlar bilan ishlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyatda elektrotexnika, oziq-ovqat va qurilish materiallari kabi sohalar uchun kadrlar tayyorlash yaxshi yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi. Masalan, Qarshi shahridan tashqari boshqa birorta tumanda IT markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan. Vaholanki, 60 ta kollejning boʻsh turgan maydonlarida ham ishlab chiqarish, ham amaliy taʼlimni yoʻlga qoʻysa boʻladi.

Prezident kitoblik tadbirkorning IT klaster va universitet ochish tashabbusini maʼqulladi.

Viloyat va tuman hokimlariga har bir tumandagi ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin mutaxassislariga ehtiyojini aniqlash, taʼlim muassasalarida ish beruvchilarning amaliy ustaxonasi va sexlarini ochish topshirildi. Bu ishlarga 30 milliard soʻm ajratiladi.

Voha aholisining 42 foizida ortiqcha vazn muammosi sabab yurak qon-tomir va qandli diabet kasalligi koʻpaygani qayd etildi. Prezident bu holatdan tashvish bildirib, sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish va viloyatda sogʻliqni saqlash tizimi salohiyatini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, rossiyalik hamkorlar bilan Kitobda zamonaviy kardiologiya markazini barpo etiladi. Mobil poliklinikalar xizmati yoʻlga qoʻyiladi, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi negizida 600 oʻrinli zamonaviy klinika tashkil qilinadi.

Qashqadaryo viloti hokimi M.Azimov kelgusi yilda 1 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 40 trillion soʻm mahsulot ishlab chiqarish, 500 million dollar eksportni amalga oshirib, 200 million dollar importni qisqartirish, 500 ming xorijiy sayyoh jalb qilib, 550 ming aholi bandligini taʼminlash boʻyicha rejalarini maʼlum qildi.

Yigʻilishda koʻtarilgan har bir masala boʻyicha vazirlar va hokimlar tengma-teng hisobot berdi.

Shu bilan Qashqadaryoga tashrif yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.