Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadim va betakror Samarqand shahrining ulugʻvor meʼmoriy obidalarini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari dastlab Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyini borib koʻrdi. Maʼlumki, Muhammad Taragʻay Mirzo Ulugʻbek buyuk olim va hukmdor sifatida ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Oʻrta asrlardayoq noyob rasadxona kashf qilib, osmon jismlarini juda aniq oʻrgangan. Uning “Ziji jadidi Koʻragoniy” asari butun dunyoda, xususan, arab olamida falakiyot boʻyicha ilmiy manba sifatida mashhur boʻlgan.
Tanishuv chogʻida temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va bunyodkorlik yuksak darajada rivojlangani, bu yurtimizdagi Ikkinchi renessansga asos boʻlgani yodga olindi. Bugun yurtimizda islom sivilizatsiyasi, allomalar merosini oʻrganish boʻyicha markazlar tashkil etilgani taʼkidlandi.
Keyingi manzil “Afrosiyob” muzeyi boʻldi. Bu yerdagi eksponat va devoriy suratlar Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. Shunday suratlardan birida Afrosiyob hukmdorining elchilarni qabul qilish marosimi aks etgan. Bu ajdodlarimiz diplomatiyaga katta eʼtibor bergani, Sharq oʻlkalari bilan azaldan hamkorlik yaxshi boʻlganini koʻrsatadi.
Dunyoga mashhur Registon maydoni – mamlakatimizning yana bir “tashrif qogʻozi”, ajdodlarimiz bunyodkorlik salohiyatining goʻzal ifodasi. Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarining mahobati, oʻziga xos arxitekturasi hammada hayrat va havas uygʻotadi.
Oliy martabali mehmonga madrasalarning qurilish tarixi, naqsh va ramzlarning mazmuni, maydonda amalga oshirilgan taʼmirlash ishlari haqida soʻzlab berildi. Qatar Amiri madrasalarni katta qiziqish bilan tomosha qildi.
Soʻng davlat rahbarlari Samarqandning Xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga tashrif buyurdilar.