Qatar Amirini tantanali kutib olish marosimilan soʻng Oʻzbekiston Prezidenti va Qatar Amiri ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar

0
67
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlat tashrifining asosiy tadbirlari bugun, 6 iyun kuni Samarqand shahrida Qatar rahbarini rasmiy kutib olish marosimidan boshlandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Kongress markazi oldidagi maydonda faxriy qorovul saf tortdi. Oʻzbekiston Prezidenti oliy martabali mehmonni samimiy kutib oldi va shohsupaga taklif qildi. Harbiy orkestr ikki mamlakat madhiyalarini ijro etdi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiya aʼzolarini qutladi. 

Shundan soʻng oliy darajadagi muzokaralar boshlandi. Samarqand shahridagi Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv avvalida Qatar Amiri davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelish taklifi hamda Qatar delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.

Diplomatik munosabatlar tarixida birinchisi boʻlgan ushbu oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi hamda uni keng qamrovli sheriklik darajasiga koʻtarishga xizmat qilishi qayd etildi.

— Biz Qatarni nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki butun arab-musulmon olamida oʻzimizning istiqbolli hamkorimiz sifatida bilamiz. Siz bilan soʻnggi yillardagi muloqotlarimiz bois munosabatlarimizda katta siljish kuzatilmoqda, — dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilda Toshkent shahrida Qatar elchixonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikni faol ilgari surishda muhim oʻrin tutgani taʼkidlandi. Qatar tomoni Dohada Oʻzbekiston elchixonasi ochilishi ushbu jarayonga kuchli surʼat bagʻishlashiga ishonch bildirdi.

Tomonlar oʻzaro savdo koʻrsatkichlarini bir necha barobarga oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Qatarning yetakchi kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Istiqbolli loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida shu yil sentyabr oyida Oʻzbekiston-Qatar investitsiya forumini oʻtkazish hamda qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini yaratish masalasini koʻrib chiqish taklif etildi.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyoni Koʻrfaz mamlakatlari bilan bogʻlaydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz yoʻlaklarni shakllantirish muhimligini qayd etdilar.

Madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, shu jumladan birgalikda madaniyat kunlari, konsert dasturlari, koʻrgazmalar, hunarmandchilik va pazandachilik namoyishlarini oʻtkazishga kelishib olindi. Mamlakatlarimiz poytaxtlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotgan muntazam aviaqatnovlar ishbilarmonlik aloqalari va oʻzaro sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Tomonlar Afgʻonistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritilishi, mamlakat iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash va afgʻon xalqiga insonparvarlik yordami koʻrsatilishi muhimligini taʼkidladilar.

Shu maʼnoda, Transafgʻon temir yoʻlini barpo etish boʻyicha strategik loyihani amalga oshirishni birgalikda ilgari surish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Uchrashuv soʻngida shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy davlatimiz rahbarini Qatarga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

Muzokaralar konstruktiv, ochiq va ishonchli ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.