Qaynonam saboqlari: Dil pok-u, niyat xolis boʻlsa…

0
304
marta koʻrilgan.

Qaynonam Jumagul Roʻzmetova  hikoyasi: Er-xotin yosh pedogoglarmiz.  ToshDUni bitkazgach,  Xorazm viloyatining chekka tumani Gurlandagi eng chekka Guliston qishloqiga ishga joʻnatishdi.

U davrlarda oliy oʻquv yurtini tugatgan yoshlar yoʻllanma bilan el-yurt uchun zarur joylarga ishga yuborilardi. U yerdagi maktabga matematika oʻqituvchilari kerak ekan. 

Men buni nega gapirib beryapman? Bunga ikkita sabab bor. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida chekka hududda ishlovchi shifokorlarga  30 million soʻm pul berilishi belgilanib, bu maqsadlar uchun byudjetdan 20 milliard soʻm ajratilgan boʻlsada chekka hududlarga vrachlar koʻngilli boʻlib bormayotganini kuyinib shunday  deb taʼkidladi:  “Oradan 4 oy vaqt oʻtgan boʻlsa-da, birorta talabgor-vrach bilan shartnoma imzolanmagan. Vaholanki, bugungi kunda olis va chekka hududlar uchun 220 ta shifokor zarur. Bundan tashqari, hududlarda 10 ming nafar ixtisoslashgan mutaxassis yetishmaydi.

Meni fikrimcha, bizning yoshligimizda qoʻllanilgan usulni qayta joriy etish kerak. Oliy oʻquv yurtini bitirgan mutaxassisni yoʻllanma bilan el-yurtga zarur qishloqlarga joʻnatish lozim.  Bu yosh mutaxassisning mahorati yuksalishiga  ham, oilasi uchun ham maʼqul ish boʻladi. Buni oʻz tajribamdan aytaman.

Qizim Nargiza tugʻilganida, yangi oilamiz, roʻzgʻorni butlash kerak,  ishlamasam boʻlmasdi. Shuningdek, oʻsha paytda maktabda matematika oʻqituvchisi ham kam edi. Shunda yon qoʻshnim Soʻnajon ismli turkman ayoliga yorildim. Siz nafaqt oilangiz, balki qishloq bolalarining kelajagi uchun ham ishlashingiz kerak. Qizingizni men boqib turaman. Bolasi ilmli oilaning, Vatanning bagʻri butun boʻladi. Oʻzim oliy maʼlumot ola bilmaganim uchun oʻqimishli kishilarni juda qadrlayman, deya jonimga aro kirdi. Ikki oylik chaqaloqni boqa boshladi. Men maktabdan uyga borgunimcha qizimni boqish bilan birga kiyimlarini yuvar va tushlikka ovqat ham pishirib qoʻyar edi. Shuningdek, goʻdakni emizishga maktabga ham  olib kelardi. Soʻnajonning turmush oʻrtogʻi Yoʻldosh ham turkman millatiga mansub boʻlib, oʻsha paytda savxozda traktorchi boʻlib ishlardi. Soʻnaning oʻzi esa uy bekasi edi. Ular pok dilli, niyati xolis kishilar edi.

Hamisha kechqurungi ovqatni pishirib, ularni uyga chorlardim.  Begonalar bitta oiladek ahil boʻlib ketdik. Soʻnajonning farzandi boʻlmadi, ular qarindoshlaridan bir qiz va bir oʻgʻil olib, ularni oʻz farzandidek tarbiyalashdi. Oʻgʻlini uylantirishdi. Kelini ham turkman qizi.  Hozir uch nafar nabirasi bor. Qizini oʻzbek yigitiga turmushga chiqardi.

Singlim, qadrdonim Soʻnajonni eslashimdan maqsad u yaqinda olamdan oʻtdi. Navroʻzi ayyomda maktabimizda sumalak sayli boʻldi, nafaqada boʻlsamda shogirdlarim hurmatlab hamisha tadbirlarga chorlashadi. Yoʻqlab turishadi. Pedogoglik kasbini tanlaganimdan, begona qishloqqa kelib obroʻ-eʼtibor topganimdan xursand boʻlaman.

Navroʻzi ayyom bayramidan  keyin Soʻnajonning qabrini ziyorat qilar ekanman, insonlar bir-birini tushunishi, qadrlashi uchun millatning, qorindosh-urugʻchilikning hech qanday ahamiyati yoʻq ekanini yana  bir bor angladim. Asosiysi, ruhiyat, qalb yaqinligi boʻlishi kerak ekan. Ushbu inson men uchun singlimdek edi, singlimdek boʻlib qoladi, oxirati obod boʻlsin. Yotgan joyi nurga toʻlsin.

  Yana yosh mutaxassislarga maslahatim shuki, uzoq qishloqqa borib ishlasangiz tajriba ortadi, odamiylikni oʻrganasiz. Zero, qishloq odamlari oddiyligi, samimiyligi bilan ajralib turadi, degim keladi.

Dilfuza OMONBOYEVA, oʻqituvchi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.