Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Olmazor tumanida yangi joyda qad rostlagan Toshkent chinni zavodini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbari bu zavodning qayta tiklanishi haqida oʻtgan yili 29 iyun kuni Olmazor tumani aholisi bilan muloqot chogʻida aytgan edi.
1952 yilda ishga tushirilgan mazkur chinni zavodida choynak, piyola, kosa, tarelka, lagan, koʻza kabi milliy uslubdagi buyumlar, suvenirlar tayyorlangan. «Oq oltin», «Tong», «Uzum», «Tovus» kabi toʻplamlar xalqaro koʻrgazmalarda oltin medallarga sazovor boʻlgan, koʻplab mamlakatlarga eksport qilingan. Ammo keyinchalik xususiylashtirilib, ishlab chiqarish toʻxtab qolgan edi.
Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, zavod faoliyatini qayta tiklash maqsadida “Aloqabank” tomonidan umumiy qiymati 87 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirildi. Foydalanilmayotgan obyekt rekonstruksiya qilinib hamda qoʻshimcha binolar qurilib, Xitoyning “Huanggang Huauao Zhongbo Klin Technology Co. Ltd.” kompaniyasi uskunalari oʻrnatildi. 300 ta ish oʻrni yaratildi.
Zavodda yiliga 30 million dona oshxona idishlari, suvenirlar, binolarning ichki bezaklari ishlab chiqariladi. Yuz foiz mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Mahsulotlar import oʻrnini toʻldirib, Rossiya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlariga eksport ham qilinadi.
— Bu zavod Oʻzbekistonning faxri, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Ilgari respublikamizga mehmon kelsa yoki yurtdoshlarimiz chet elga borsa, shu zavod toʻplamlaridan sovgʻa qilinardi. Endi ushbu yangi korxona undan ham chiroyli, sifatli va qadrli mahsulotlar tayyorlashi kerak.
Mutasaddilar bilan suhbatda zavod faoliyatini kengaytirib, klasterga aylantirish, yanada koʻp xotin-qizlar va yoshlarni ishga jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
— Mamlakatimizda shuncha uylar qurilyapti, odamlarning hayot sifati oʻzgaryapti, — dedi Prezident. — Yangi uyga koʻchgan har bir oila albatta chinni buyumlar sotib oladi. Yubileylar, festivallarga bagʻishlangan, sovgʻa uchun toʻplamlar ham chiqarish mumkin. Buning uchun dizayn ustida ishlash, bozor talabini oʻrganib, olimlar va texnologlar bilan hamkorlikda zamonaviy mahsulotlar tayyorlash, yangi brendlar yaratish kerak. Masalan, milliy naqshlarimiz, soʻzanalarimiz bu borada katta manba boʻla oladi.
Davlatimiz rahbari chinni buyumlar muzeyini koʻzdan kechirdi. Zavodda ishlagan mehnat faxriylari bilan suhbatlashdi.
Shu yerda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan sanoat va investitsiya loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi. Prezident eksportni rivojlantirish, tashqi savdo amaliyotlarini yengillashtirish maqsadida Toshkent shahri uchun zamonaviy multimodal logistika markazi tashkil etish taklifini bildirdi.