Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish va sohani rivojlantirish masalalari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, neft, gaz kabi anʼanaviy energiya manbalarining zaxirasi cheklangan. Qolaversa, ularning tabiatga zarari ham koʻp. Shu bois rivojlangan davlatlar “yashil” energetikaga oʻtmoqda. Bunday saʼy-harakatlar nafaqat bugun, balki kelajak uchun juda muhim.
Mamlakatimizda ham bu borada katta ishlar boshlangan. 2019 yil 21 mayda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida” qonun qabul qilinib, soha rivojiga asos yaratildi. Xorijiy investorlar jalb etilib, koʻplab istiqbolli loyihalar ishlab chiqildi.
Joriy yil avgustda Navoiy viloyatida yurtimizdagi ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Kelgusi oyda Samarqandda yana bir shunday stansiya foydalanishga topshiriladi.
Umuman, 2022-2024 yillarda 3 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami quvvati qariyb 3 ming megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish rejalashtirilgan.
Yaqinda Shotlandiyaning Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan iqlim boʻyicha xalqaro sammitda Oʻzbekiston 2030 yilgacha issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot bir birligiga toʻgʻri keladigan ulushini 2010 yilga nisbatan 35 foizga kamaytirish tashabbusini eʼlon qildi. Buning uchun barcha asoslar bor. Xususan, 2026 yilga qadar mamlakatimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari umumiy quvvatini 8 ming megavattga yetkazish choralari koʻriladi.
Yigʻilishda ushbu maqsad yoʻlidagi vazifalar, loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Fargʻona viloyatlarida jami 900 megavattli yana 5 ta quyosh elektr stansiyasini barpo etish boʻyicha investorlar tanlovi yakunlanadi.
Davlatimiz rahbari, avvalo, shu loyihalarga eʼtibor qaratib, ularni oʻz vaqtida ishga tushirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Energetika vazirligiga xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda yangi loyihalar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Prezidentimiz yirik sanoat korxonalari ham oʻz taʼminoti uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari tashkil etishi zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishini qoʻllab-quvvatlash kerakligi aytildi.
Kelgusida quriladigan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish uchun butlovchi qismlar va materiallarni yurtimizda ishlab chiqarish orqali ham loyihalarni arzonlashtirish, ham mahalliy korxonalar uchun bozor yaratish mumkin. Shu bois bunday mahsulotlarni mahalliylashtirish boʻyicha dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Boʻlajak elektr stansiyalarini sifatli ishlatish uchun malakali muhandis va xodimlar ham zarur. Davlatimiz rahbari bu ishlarni hozirdanoq boshlash muhimligini taʼkidlab, Navoiy shahrida kadrlar tayyorlash markazini tashkil etish, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻquv dasturlarini zamonaviy talablar asosida yangilash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Yigʻilishda Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish strategiyasi taqdimoti oʻtkazildi.