Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish umummilliy ahamiyatga ega

0
133
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10 iyun kuni qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash barcha ishlarda ustuvor tamoyil etib belgilangan. Odamlarning yaxshi yashashi uchun eng zarur manbalardan biri esa bu energiya. Soʻnggi yillardagi islohotlar natijasida bu sohadagi uzilishlar ancha kamaydi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining energiyaga boʻlgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha ogʻirlik elektr tarmoqlariga tushmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qoʻshimcha talab bor. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilmoqda.

Bunday vaziyatda eng samarali yoʻl uy, korxona, bogʻcha, maktab va shifoxonalarda muqobil energiyadan foydalanishni koʻpaytirishdir.

Shu bois yigʻilishda qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini keng joriy etish, bu borada aholini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

– Bugungi masala umummilliy ahamiyatga ega. Bu ishlarni avvalambor oʻzimizdan boshlashimiz kerak. Har bir hokim, vazir, barcha darajadagi rahbarlar shaxsiy namuna koʻrsatib, oʻz uyi, ishxonasida muqobil energiya uskunasini oʻrnatishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada aholi va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun yangi tizim belgilandi. Ushbu tizimga koʻra, har bir oʻrnatilgan quyosh va shamol elektr uskunasi uchun, quvvatiga qarab, 15 million soʻmgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million soʻmgacha kompensatsiya toʻlanadi. Yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz, boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi.

Masalan, bir oila suv isitish uchun bir oyda oʻrtacha 195 ming soʻm xarajat qiladi, deylik. Endi ular 6 million soʻm evaziga 200 litrli quyosh qurilmasi oʻrnatsa, davlatdan 2 million soʻm kompensatsiya oladi. Bunda har oy ketgan xarajat iqtisod boʻlishi hisobiga, suv isitish qurilmasi 21 oyda pulini oqlaydi va “yonga qoladi”.

Agar, oila kompensatsiyani emas, boʻlib-boʻlib toʻlashni tanlasa, oylik toʻlov 170 ming soʻm boʻladi. Yaʼni, hozirgi toʻlovidan ham kam boʻladi va uch yildan keyin issiq suv uchun umuman xarajat qilmaydi.

Yana bir qulay tomoni, odamlar buning uchun biron-bir idoraga borib yurmaydi. Hamma hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal etib beriladi. Bu tizim Energetika vazirligining maxsus jamgʻarmasi orqali joriy etiladi.

Davlatimiz rahbari barcha jarayonlarni raqamlashtirib, ushbu yangi tizimni 1 sentyabrdan yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Alohida eʼtibor ehtiyojmand oilalar, olis va chekka hududlarni shunday energiya manbalari bilan taʼminlash masalasiga qaratildi. “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida qurilayotgan koʻp qavatli uylar, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida koʻcha chiroqlariga muqobil energiya uskunalari oʻrnatish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda joylardagi ijobiy tajribalar ham koʻrsatib oʻtildi.

Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xoʻjayli tumanidagi 3-maktab-internatda 12 kilovatt quvvatli quyosh panellari va 1 tonna suvni isitish uskunalari oʻrnatilgan. Natijada ushbu muassasa yiliga 30 million soʻmlik elektr energiyasi va tabiiy gaz iqtisod qilmoqda.

Mendeleev nomidagi kimyo-texnologiya universitetida ham quyoshdan quvvat oluvchi 100 kilovattli uskuna va 36 ta suv isitish qurilmasi oʻrnatilgan boʻlib, yiliga qariyb 2 milliard soʻmlik elektr energiyasi tejalmoqda.

Bunday ishlarni ommalashtirib, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktab, tibbiyot va boshqa ijtimoiy obyektlarda bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalari oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, 2023 yildan savdo va koʻngilochar majmualar, restoran, mehmonxona, yoqilgʻi quyish shoxobchalari, aeroport, vokzal, tijorat banklari kabi koʻplab binolarda issiq suv taʼminoti va tashqi yoritishning bir qismini muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.

Hisob-kitoblarga koʻra, bir yilda Oʻzbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz isteʼmol qilinadi. Misol uchun, oʻtgan yili energiya resurslariga Suv xoʻjaligi vazirligi 3 trillion soʻm, xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash tizimlari 200 milliard soʻmdan byudjet mablagʻlarini sarflagan.

Prezident barcha vazirlik va idora, hokimlik, mahalla binolarini ham muqobil energiyaga oʻtkazish vaqti kelganini taʼkidladi.

Shu bois Moliya vazirligiga davlat idoralarida energiya resurslari isteʼmoli boʻyicha meʼyorlarni belgilash, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy obyektlarda Energiya tejamkorlik milliy dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan buyon muqobil energiya qurilmalariga talab oshishini hisobga olib, ularni ishlab chiqarishni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi.

Xalqimizni qoʻshimcha energiya bilan taʼminlashning yana bir manbasi gidroelektr stansiyalaridir. Bu quvvatni oshirish uchun hududlarda mikro va kichik gidroelektr stansiyalariga mos maydonlar belgilanib, jami 56 Megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbari ular boʻyicha xususiy sheriklik loyihalarini boshlash kerakligini taʼkidladi. Bunda tadbirkorlar uchun jozibador tariflar belgilanadi hamda yer uchastkasi auksion gʻolibiga uzoq muddatli ijaraga beriladi. Quyosh, shamol va mikroGESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 10 yil davomida davlat tomonidan kafolatli xarid qilinadi.

Yigʻilishda mutasaddi rahbarlar va tadbirkorlar kun tartibidagi masalaning ahamiyatini taʼkidlab, oʻz tizimidagi rejalarni bayon etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.